O‘zbekiston | 21:18 / 17.12.2024
6318
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini ma’lum qildi

O‘zbekiston Energetika vazirligi elektromobil zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzib qo‘yish haqida vazirlik tomonidan topshiriq berilmaganini ma’lum qildi. Avvalroq quyosh panellariga majburlash bilan bog‘liq holatda ham Energetika vazirligi bunday topshiriq bermaganini bildirgan, lekin tadbirkorlar aynan shu vazirlik tizimiga kiruvchi HETKlar tomonidan panel o‘rnatmagani uchun elektrdan uzilgan edi.

Foto: Kun.uz

Bayonotda aytilishicha, elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha Energetika vazirligi “hech qanday topshiriq bermagan”.

“Ta’kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda generatsiya, ya’ni elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi esa o‘z ehtiyojimizni to‘liq qoplashga yetadi.

Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermagan.

Shuni alohida aytish kerakki, Energetika vazirligi ekologiyamizni asrashga katta hissa qo‘shadigan elektromobillarni O‘zbekistonda ommalashtirish tarafdori”, – deyiladi vazirlik matbuot xizmati axborotida.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’yektlaridan, agar ular qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlariga duch kelsa, Energetika vazirligining +99871-231-16-61 (ichki 7037, 7046 va 7057) raqamli “Ishonch telefonlari”ga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Kun.uz xabar berganidek, elektromobillarni zaryadlash stansiyalariga elektr uzatish hech qanday huquqiy asos ko‘rsatmagan holda to‘xtatib qo‘yilgan.

“Hududiy elektr ta’minotidan kelishib, hech qanday sababsiz stansiyalarimizni o‘chirib tashlashyapti. Nima sababdan o‘chiryapsan, bu transformator qonuniy yoqilgan, deyapmiz. Ular esa “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deyishyapti. Boshqa hech qanday gap yo‘q. Raqobatchi kompaniyalar bilan ham xuddi shunday bo‘lyapti, bitta bizda emas”, – dedi bozordagi yetakchi kompaniyalardan birining vakili.

Kun.uz bilan deyarli bir vaqtda Spot nashri ham shunday holat bo‘layotgani haqida xabar berdi. Nashr bog‘langan kompaniyalardan biri stansiyalar tarmog‘idagi taxminan 20 ta stansiya elektrdan uzilgan. Ilk uzilishlar o‘tgan hafta boshidayoq boshlangan. Eslatib o‘tamiz, havo sovishi sabab metan-shoxobchalarning ish vaqti cheklanishi haqida ham o‘tgan hafta boshida ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq Energetika vazirligi tadbirkorlarni quyosh panellariga majburlash holatlari haqida bergan bayonotida ham bunday majburlash yuzasidan vazirlik tomonidan topshiriq berilmaganini bildirgan, lekin bunday holat bo‘layotganini rad etmagandi. O‘shanda ham tadbirkorlar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektrdan uzilgan edi, HETKlar esa Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar hisoblanadi.

Mavzuga oid