Jahon | 20:02 / 17.12.2024
1508
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston havoning ifloslanishi bilan bog‘liq cheklovlarni kuchaytirdi

Hindistonda havo sifati indeksi 400 dan oshib, «jiddiy» darajaga chiqdi. Mamlakatdagi barcha idoralari xodimlarining 50 foiziga uydan ishlashga ruxsat berildi.

Foto: Reuters

Hindiston havo sifati yomonlashgandan so‘ng Nyu-Dehli va yondosh hududlarda ifloslanishni yengishga yordam berishga qaratilgan cheklovlarni kuchaytirdi, deb xabar beradi Reuters.

Qayd etilishicha, so‘nggi tavsiyalar 16 dekabr kuni havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichi 400 dan oshib, «jiddiy» darajaga chiqqanidan keyin berilgan. Bu ifloslanishni bartaraf etish vazifasi topshirilgan hukumat organlarining favqulodda yig‘ilishi o‘tkazilishiga ham sabab bo‘lgan.

Dushanba kuni 5-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga tatbiq etilgan aralash darslar (ham onlayn, ham oflayn) 10 va 12-sinflardan tashqari barcha sinflarga nisbatan qo‘llana boshlagan.

Davlat idoralariga ish vaqtini bosqichma-bosqich belgilash haqidagi dastlabki ko‘rsatma kengaytirilib, barcha idoralarga xodimlarning 50 foiziga uydan ishlashga ruxsat berish so‘rovi shaklida taqdim etilgan.

Seshanba kuni ertalab Nyu-Dehlida AQI ko‘rsatkichi 424 ni tashkil etgan. Shuningdek, havo harorati 5,9 darajagacha pasaygan, natijada, shaharni zaharli tutun qoplagan va aeroportda «ko‘rinish darajasining pasayishi bilan bog‘liq tartib-qoidalar» joriy etilishiga olib kelgan.

Havo sifatini boshqarish bo‘yicha komissiya ifloslanishning keskin oshishini «juda noqulay meteorologik sharoitlar va shamol yo‘qligi» bilan bog‘ladi. Shuningdek, u ko‘plab qurilish ishlarini taqiqlashni buyurdi.

Bolalar, keksalar va nafas olish, yurak-qon tomir, miya-qon tomir yoki boshqa surunkali kasalliklari bo‘lganlarga ochiq havoda harakat qilishdan qochish va imkon qadar ichkarida bo‘lish tavsiya etilmoqda.

Har yili noyabr va dekabr oylarida Nyu-Dehlida havoning sifati keskin yomonlashadi. Bu poytaxtga yondosh bo‘lgan shtatlarda hosil yig‘ib olinganidan keyin sodir bo‘ladi. Fermerlar taqiqlarga qaramay, qurigan xas-xashaklarni yoqib yuboradi. Natijada tutun va kuyundi pastroq hududda joylashgan Nyu-Dehlini qoplaydi. Hind olimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday havodan nafas olish kuniga 50 dona tamaki chekishdek gap.

Avvalroq Sharqiy Pokiston va Hindiston shimolida havoning ifloslanish darajasi shunchalik yuqoriki, oqibatda paydo bo‘lgan tutun koinotdan aniq ko‘rina boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid