iPhone va Samsung foydalanuvchilarining aksariyati sun’iy intellektni foydali deb hisoblamaydi
Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi sun’iy intellekt imkoniyatlaridan umuman foydalanmagan.
Amerikaning SellCell tadqiqot kompaniyasi Qo‘shma Shtatlardagi ikki mingdan ortiq iPhone va Samsung foydalanuvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi va yangi smartfon egalarining aksariyati sun’iy intellektni (SI) foydali deb hisoblamasligini aniqladi.
So‘rovda sun’iy intellektga ega iPhone modellari (iPhone 16, iPhone 15 Pro va 15 Pro Max) va shunga o‘xshash imkoniyatlarga ega Samsung Galaxy smartfonlari (Galaxy S24, S23, S22 seriyali, shuningdek, buklanuvchi Z Fold 6, 5, 4) foydalanuvchilari ishtirok etdi.
Qayd qilinishicha, iPhone foydalanuvchilarining 73 foizi va Samsung Galaxy egalarining 87 foizi SI xususiyatlari ularga hech qanday foyda keltirmasligini aytgan. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan iPhone egalarining 58,4 foizi Apple Intelligence funksiyalaridan umuman foydalanmagan, Samsung foydalanuvchilari orasida esa 53,1 foizi Galaxy SI imkoniyatlarini e’tiborsiz qoldirgan.
Qizig‘i shundaki, ishtirokchilar orasida iPhone foydalanuvchilarining 16,8 foizi sun’iy intellektning yaxshiroq funksiyalari uchun Samsung smartfonlariga o‘tishni o‘ylamoqda, Samsung egalarining atigi 9,7 foizi xuddi shu sababga ko‘ra iPhone smartfonlariga o‘tishga tayyor. Biroq, umuman olganda, SI ko‘proq Apple auditoriyasiga mos keladigan ko‘rinadi: iPhone foydalanuvchilarining 47,6 foizi yangi smartfon tanlashda sun’iy intellektni asosiy omil deb biladi, Samsung ko‘rsatkichi esa pastroq — 23,7 foiz.
Eng ommabop Apple Intelligence funksiyalari matn vositalari (72 foiz), bildirishnomalar xulosalari (54 foiz) va «Pochta»dagi ustuvor elektron pochta xabarlari (44,5 foiz) bo‘lgan. Shuningdek, fotosuratlardagi obektlarni o‘chirish (29,1 foiz) va «Pochta» va «Xabarlar»dagi aqlli javoblar (20,9 foiz) ham mashhur bo‘lgan.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, smartfonlarda sun’iy intellekt rivojlanishiga qaramay, foydalanuvchilarning katta qismi hali yangi imkoniyatlarning amaliyotda qo‘llanishidan ma’no ko‘rmaydi.
Mavzuga oid
00:05
ChatGPT bepul qo‘ng‘iroqlar va yozishmalar uchun telefon raqamiga ega bo‘ldi
00:47 / 20.12.2024
Appleʼning sun’iy intellekt funksiyasi yolg‘on sarlavha bilan xabar tarqatdi
16:32 / 19.12.2024
Xitoy banklari xodim tanlashda sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanmoqda
20:50 / 16.12.2024