Jahon | 20:42 / 17.12.2024
802
2 daqiqa o‘qiladi

Irlandiya regulyatori Meta kompaniyasini 251 mln yevro jarimaga tortdi

Irlandiyaning ma’lumotlar himoya qilish komissiyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘idan ma’lumotlar sizib chiqib ketgani uchun jarima belgiladi. Ushbu voqea 2018 yilda sodir bo‘lgan edi.

Foto: AP

Irlandiyaning ma’lumotlar himoya qilish komissiyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘idan ma’lumotlar sizib chiqib ketgani uchun Meta kompaniyasini 251 million yevro jarimaga tortdi.

Regulyator xabarida qayd etilishicha, gap 2018 yil sentabrda yuz bergan holat to‘g‘risida ketmoqda. O‘shanda hakerlar hujumi natijasida Facebookʼning 29 millionga yaqin foydalanuvchisining, jumladan, Yevropa Ittifoqidagi 3 million foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgan.

Yevropa Ittifoqining 27 davlati bo‘ylab o‘rnatilgan qat’iy maxfiylik rejimiga ko‘ra, Irlandiya regulyatori Meta’ning maxfiylik siyosatini tartibga soluvchi asosiy organ hisoblanadi, chunki kompaniyaning mintaqaviy shtab-kvartirasi Dublinda joylashgan.

Kompaniya chiqarilgan jarima qarori yuzasidan apellyatsiya kiritishini ma’lum qildi. «Ushbu qaror 2018 yilgi voqeaga bog‘liq. Biz muammo aniqlangan zahoti uni bartaraf etish choralarini ko‘rganmiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oxirlarida Irlandiyaning ma’lumotlar himoya qilish komissiyasi foydalanuvchilarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy ravishda qayta ishlagan LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ini 310 million yevro miqdorida jarimaga tortgandi.

Mavzuga oid