O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun maxsus hudud ajratilishi mumkin
IIV tungi iqtisodiyot sohasi uchun alohida organ yoki tarkibiy bo‘linma tashkil etishni taklif qildi.
Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov raisligida tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Transport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Turizm qo‘mitasi, Statistika agentligi, Toshkent shahri hokimligi va Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv boshida tungi iqtisodiyotni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi, mazkur yo‘nalishning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirishdagi ulkan salohiyati alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, AQSh, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Turkiya tajribasi, jumladan, 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘chalar misolida muvaffaqiyatli loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralar davomida idoralar vakillari tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha asosiy takliflarni bildirishdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yagona talablar va standartlarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tartibga solishga, aniq va shaffof qoidalarni joriy etishga, shuningdek, ushbu sohada yangi ishtirokchilar oqimini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Ichki ishlar vazirligi vakili tungi iqtisodiyot sohasi uchun alohida organ yoki tarkibiy bo‘linma tashkil etishni taklif qildi. Mazkur fikrga ko‘ra, markazlashgan muvofiqlashtirish tizimi yuzaga keladigan muammolarga, xususan, tungi vaqtda huquq-tartibotni ta’minlash va xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga tezkor javob berish imkonini beradi.
Savdo-sanoat palatasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun maxsus hudud ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilishdi. Uchrashuv ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, bu qulay infratuzilmani yaratish, barqaror raqamli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, shuningdek, xavfsizlik, xizmatlar uchun to‘lov va tashrif buyuruvchilar oqimini boshqarish kabi jarayonlarni monitoring qilish va nazorat qilish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida barcha vazirlik va idoralar vakillariga O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Ushbu ish doirasida asosiy yo‘nalishlar, jumladan, huquqiy tartibga solish, xavfsizlikni ta’minlash, transport infratuzilmasini takomillashtirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari aniqlanadi.
Yaqin vaqt ichida shakllangan takliflarni muhokama qilish uchun navbatdagi uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Natijada, to‘plangan tavsiyalar asosida Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi va O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Mavzuga oid
10:26
Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
21:11 / 19.12.2024
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari e’lon qilindi
13:41 / 16.12.2024