O‘zbekiston | 16:05 / 17.12.2024
4072
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways va Silk Avia monopolistlar ro‘yxatiga kiritildi

Mahalliy aviatashuvlarda bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallagan Uzbekistan Airways hamda tovar belgisi Silk Avia bo‘lgan Uzbekistan Helicopters ustun mavqega ega deb topildi. Shuningdek, Uzbekistan Airways’ning xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashish xizmati bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallagani ham e’tirof etildi.

Foto: Kun.uz

Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Helicopters MChJni (tovar belgisi Silk Avia) ustun mavqega ega deb topdi. Bu haqda 13 dekabr kuni qo‘mita raisining tegishli buyrug‘i chiqarilgan.

Ma’lum qilinishicha, Uzbekistan Airways hamda Uzbekistan Helicopters’ning mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashishdagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etadi. 

Shuningdek, Uzbekistan Airways xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashish xizmati bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallaydi.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga asosan yuqoridagi tashkilotlar ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan.

Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasiga 3 kun ichida Uzbekistan Airways hamda Uzbekistan Helicopters kompaniyalariga tegishli xabarnoma yuborish buyurilgan.

Ma’lumot uchun, ustun mavqe bu – tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.

Tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:

  • agar xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;
  • agar xo‘jalik yurituvchining yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40 foizni va undan ortiqni tashkil etsa;
  • agar xo‘jalik yurituvchi yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya sub’yekti deb e’tirof etilsa;
  • agar xo‘jalik yurituvchiga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun belgilangan tartibda mutlaq va eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.

Mavzuga oid