Jahon | 13:16 / 19.12.2024
2985
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda otashkesim bo‘yicha muzokaralar, Turkiyaga taassub qilayotgan Suriya va 1 mln migrantni quvmoqchi bo‘layotgan Tramp - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha betinim muzokaralardan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish shartnomasini imzolash oni yaqinlashmoqda. CNN manbalariga ko‘ra, Qatardagi muzokaralarda ijobiy natijalar kutilmoqda. AQSh markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns kelishuvni tezlashtirish uchun yaqin kunlarda Qatarga keladi.

Isroil va Falastin yetakchilari orasida kelishuv bo‘yicha bahslar davom etmoqda. HAMAS kelajakdagi shartnomalarga Isroil tomonidan rioya qilinishiga kafolat talab qilmoqda. Ayniqsa AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati qasamyodga keltirilgach.

Hozir AQSh prezidenti Jo Bayden taklif qilgan uch bosqichli reja muhokama qilinmoqda. U 6 haftalik otashkesim, Isroil qo‘shinlarining qisman G‘azodan chiqishi va garovda ushlab turilgan isroillik tutqunlarni falastinlik mahbuslarga almashishni o‘z ichiga oladi. Biroq Isroilning Rafahdagi Filadelfiya koridori ustidan nazorati masalasi hal etilmagan.

Muzokaralar ketayotgan bo‘lsa-da, Isroilning G‘azoga havo hujumlari davom ettirildi. 18 dekabr kuni Al-Mavasiydagi qochqinlar lageri esa tanklar tomonidan qayta o‘qqa tutilgan.

Bashar Asad ustidan tribunal xavfi

AQSh Suriyadagi urush jinoyatlari uchun Bashar Asad rejimi ustidan xalqaro tribunal tashkil etishni talab qilmoqda. Davlat departamentiga ko‘ra, BMT va uning tashkilotlari Asad rejimi tomonidan amalga oshirilgan qotilliklar va qiynoqlar haqidagi haqiqatni ochib berish uchun ochiq va adolatli surishtiruv o‘tkazishi kerak.

AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Millerga ko‘ra, AQSh Asad rejimiga bog‘liq ommaviy qabrlar va qiynoq markazlari uchun javobgarlik talab qilib, jabrlanuvchilar oilalariga adolat qaror topishini ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Xalqaro prokurorlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yildan beri Asad rejimi nazorati ostida 100 mingdan ortiq inson qiynoqqa solinib, o‘ldirilgan. Miller, shuningdek, Suriyada yo‘qolgan fuqarolar haqidagi haqiqatni ochish bo‘yicha BMT bilan faol ish olib borishayotganini ta’kidladi.

Suriyadagi ziddiyat 2011 yilda Asadning tinch namoyishlarni kuch bilan bosishi ortidan boshlangan va 500 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Turkiyaga taassub qilayotgan Suriya

Suriyaning yangi hukumati Turkiyaning iqtisodiy rivojlanish tajribasini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida savdo, ijtimoiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga umid bildirildi.

Suriya bosh vaziri Muhammad al-Bashir Turkiyaning qochqinlarga bo‘lgan mehribonligi va hurmatini e’tirof etib, bu yaxshilik hech qachon unutilmasligini ta’kidladi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» yetakchisi ham turkiyalik jurnalist Yasin Aqtay bilan suhbatda Asad tuzumining «Sednaya» qamoqxonasini muzeyga aylantirish rejalarini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu joy rejim jinoyatlarining guvohi va qurbonlarga hurmat ramzi bo‘lishi lozim.

Isyon yetakchisi Suriya inqilobining boshqa islom davlatlariga tarqalishiga oid savollarga rad javobini bera turib, «Biz xalqimizning asosiy mas’uliyatidan chalg‘imaymiz», deya ta’kidladi.

Ukrainada tinchlikparvar missiya istiqboli

Yevropa mamlakatlari Ukrainaga tinchlikparvar qo‘shinlar yuborish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan boshlangan muzokaralar Donald Trampning AQSh qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqish haqidagi bayonotidan so‘ng paydo bo‘ldi.

Reuters agentligining xabar berishicha, agar Ukrainada tinchlik bitimi imzolansa, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Britaniya askarlari asosiy kuchni tashkil qiladigan 40 000 kishilik kontingent joylashtirilishi mumkin.

Bunga qaramay, tashabbus kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Polsha bosh vaziri Donald Tusk bu missiyada ishtirok etishni rad etgan bo‘lsa, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius hali format haqida gapirish erta ekanini ta’kidladi. Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto missiya uchun BMT mandati zarurligini aytdi, ammo bu Rossiyaga missiyani nazorat qilish imkoniyatini berish xavfi borligini ta’kidladi.

Ekspertlar fikricha, rotatsiya bilan hisoblaganda 100 ming nafar askar kerak bo‘lishi mumkin. Biroq missiya mandati, kuch qo‘llash qoidalari kabi masalalar hali ochiq qolmoqda.

Zelenskiy Qrimdan umidini uzdimi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Qrim va Donbassni harbiy yo‘l bilan qaytarish uchun Kiyevda yetarli kuch yo‘qligini tan oldi. Fransiyaning Le Parisien gazetasiga bergan intervyusida u Ukraina bu hududlarni qaytarishdan voz kechmasligini, ammo bugungi kunda ular Rossiya nazoratida ekanini ta’kidladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina faqat xalqaro diplomatik bosim orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilishi mumkin. Biroq iyun oyida Putin Kiyevdan Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini to‘liq topshirishni talab qilgan edi.

Ukraina hozir kuchsiz emasligini ta’kidlagan Zelenskiy, barcha masalalar maydonda hal bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi hozircha murakkab masala ekanini tan oldi. AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bu jarayonni 20 yilgacha to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan.

Zelenskiy Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga yaqin kelajakda qo‘shilishini ishonch bilan ta’kidladi va Kiyev Rossiya bilan har qanday muzokaralarda ishtirok etishi shart, deb hisoblashini bildirdi.

Rus generaliga suiqasd ijrochilari ushlandi

Moskvada general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘ldirilishida O‘zbekiston fuqarosi gumonlanmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 29 yoshli gumonlanuvchi Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangan bo‘lib, unga 100 ming dollar mukofot va Yevropa pasporti taklif qilingan.

Gumonlanuvchi Moskvaga kelib, qo‘lbola portlovchi qurilmani general yashagan uy yonidagi elektr samokatga o‘rnatgan. Videokuzatuv orqali qurbonlar harakatlari nazorat qilingan va masofadan portlatish amalga oshirilgan. Tergov xabariga ko‘ra, portlash kuchi trotil ekvivalentida taxminan 1 kiloga teng bo‘lgan.

Ushbu teraktga aloqador boshqa shaxslar ham aniqlanmoqda. Rossiya matbuoti ikkinchi gumonlanuvchining qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Gumonlanuvchi Ahmad Qurbonov o‘z iqrorida bu harakatlarni Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan amalga oshirganini aytgan.

Tergov qo‘mitasi hodisa bo‘yicha terakt, qotillik va noqonuniy qurol saqlash ayblovlari bilan jinoyat ishi ochgan.

Tramp 1 mln migrantni quvmoqchi

Donald Tramp prezidentlik davrining dastlabki bosqichida 1 mln migrantni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, AQShdagi 11 million noqonuniy migrantning bir qismi jinoyat sodir etgan yoki mamlakatda qolishga asoslari bo‘lmaganlar, deb tanlangan.

Tramp o‘z rejasini amalga oshirish uchun Meksika va Salvador hukumatlari bilan muzokaralar o‘tkazgan. U, shuningdek, ushbu davlatlardan noqonuniy migrantlarni qabul qilishni so‘ragan. Ammo Meksika faqat o‘z fuqarolarini qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Migratsiya siyosati instituti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda AQShdan deportatsiya qilinganlar asosan Lotin Amerikasi davlatlariga jo‘natilgan. Faqatgina Meksika ushbu davrda 1,7 million migrantni qabul qilgan.

Trampning deportatsiya siyosatining keyingi bosqichlari qanday bo‘lishi hozircha noma’lum.

Yaponiyaning ikki avtogiganti birlashmoqda

Yaponiyaning ikki yirik avtogiganti Honda va Nissan kutilmaganda birlashishga qaror qildi. Bu tarixiy qadam dunyo avtomobil bozoridagi muvozanatni o‘zgartiradi. Birlashgan kompaniya yiliga 7 mlndan ortiq avtomobil sotib, Toyota va Volkswagenʼdan keyin uchinchi yirik avto ishlab chiqaruvchiga aylanadi.

Birlashishning asosiy sababi — elektr avtomobillar bozoridagi raqobat va iqtisodiy bosim. Honda o‘zining gibrid texnologiyalari bilan ajralib tursa, Nissan elektr avtomobillar uchun takomillashgan yetkazib berish zanjiriga ega. Bu ikki kompaniya kuchlarni birlashtirish orqali bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlashni ko‘zlamoqda.

Nissanʼning moliyaviy qiyinchiliklari, xususan, 90 foizlik operatsion foyda pasayishi, bu qarorning tezlashishiga turtki berdi. Birlashuvga Mitsubishi ham qo‘shilishi mumkin, bu esa alyansni yanada kuchli qiladi.

Har ikki brend saqlanib qoladi. Birlashuv doirasida kompaniyalar alohida ishlab chiqaruvchi sifatida samarali faoliyat yuritadi. Memorandumni imzolash kelgusi haftada kutilmoqda.

Mavzuga oid