O‘zbekiston | 13:32 / 19.12.2024
3085
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi mavjud bo‘lmagan korxona bilan shartnoma tuzgan

Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi va “City Teour” MChJ o‘rtasida 301 million 560 ming so‘mlik shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, “City Teour” butunjahon yoshlar festivali ishtirokchilariga 2024 yil 23 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda transport xizmatlarini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan. Ammo mazkur kompaniya 2024 yil 24 iyun kuni davlat ro‘yxatiga olingan. Yoshlar ishlari agentligi holatni o‘rganish maqsadida xizmat tekshiruvini boshladi.

Foto: iStock

2024 yil 9 oktyabr kuni Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi va “City Teour” MChJ o‘rtasida “Butunjahon yoshlar festivali ishtirokchilariga transport xizmatlarini ko‘rsatish” yuzasidan umumiy qiymati 301 million 560 ming so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Shartnomaga ko‘ra, xizmatlar 2024 yil 23 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan. Biroq mazkur davlat xaridi bilan bog‘liq bir qancha savol va ziddiyatli jihatlar paydo bo‘lmoqda. Bunga Telegram’dagi «Revizor» kanali e’tibor qaratdi.

Birinchidan, shartnomada ko‘rsatilgan xizmatlar boshlangan sana – 23 iyun. Biroq “City Teour” MChJ 2024 yil 24 iyun kuni davlat ro‘yxatiga olingan. Ya’ni yuridik shaxs sifatida mavjud bo‘lmagan korxona xizmat ko‘rsatgan. Bu holat xizmat ko‘rsatishning qonuniyligi bo‘yicha savol tug‘diradi.

Ikkinchidan, shartnomaga asos sifatida ko‘rsatilgan Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i 2024 yil 26 iyun kuni imzolangan. Ammo xizmatlar ushbu buyruq qabul qilinishidan avval boshlangani ko‘rsatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 maydagi 345-F sonli farmoyishiga ko‘ra, hukumat tomonidan festival ishtirokchilari uchun transport vositalari ajratilgan edi. Shunga qaramay, qo‘shimcha transport xizmatlarini jalb qilish uchun 301 million 560 ming so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmatining rasmiy munosabatiga ko‘ra, keltirilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqish maqsadida ishchi guruh tuzilib, tekshiruv o‘tkazish boshlangan.

“O‘rganishlar natijasi bo‘yicha ma’lumotlar va ko‘rilgan choralar jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid