Jamiyat | 16:12 / 20.12.2024
1668
6 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi

Chiqindidan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklab qo‘yilishi bo‘yicha tizim joriy etilishi tartibi belgilandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomi mustahkamlanishiga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, loyiha O‘zbekiston prezidentining «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2024 yil 4 yanvardagi 5-son farmoni 4-bandi ijrosini ta’minlash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarining to‘lov intizomini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasiga muvofiq «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Raqobat to‘g‘risida»gi va «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunlarga chiqindini olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni elektr energiyasi uchun to‘lovlar bilan birga undirish mexanizmlarini joriy qilish nazarda tutilgan.

Xususan, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga iste’molchi zimmasiga qonunchilikka muvofiq, chiqindi uchun to‘lovlar to‘lanmaganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti qo‘llanishi;

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunga tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish taqiqlanishida elektr energiyasining yetkazib berilishida chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish tartibi mustasno ekanligi;

«Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunga esa chiqindini olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar elektr ta’minoti korxonalari bilan birgalikda chiqindi olib chiqib ketish xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borishi, foydalanilgan elektr energiyasi, shuningdek, chiqindini olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar uchun haq belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida to‘lanishi, elektr energiyasi to‘lov tizimlari orqali chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi to‘g‘risida iste’molchi xabardor qilinganidan so‘ng qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda, ushbu qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklab qo‘yish bo‘yicha me’yorlar kiritilmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda aholi tomonidan asossiz sabablarga ko‘ra to‘lovlarni kechiktirish yoki to‘lamaslik holatlari ko‘p, natijada debitor qarzdorlik (615,6 milliard so‘m) yil sayin oshib bormoqda. 

Endilikda fuqarolar alohida ogohlantirishdan keyin ham chiqindi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmasa, chiqindi bo‘yicha qarzini to‘lanmaguniga qadar elektr energiya bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmaydi.

O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi 5-sonli farmoniga ko‘ra, ushbu tizim bosqichma-bosqich quyidagi tartibda joriy etiladi:

  • 1-bosqichda 2024 yil 1 yanvardan — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 6 oylik qarzdorlik uchun;
  • 2-bosqichda 2024 yil 1 avgustdan — respublikaning barcha hududlarida 3 oylik qarzdorlik uchun;
  • 3-bosqichda 2025 yil 1 yanvardan — oylik qarzdorlik uchun.

Bundan tashqari, qonunga ko‘ra, endilikda “Toza Makon Billing” platformasiga sanitar tozalash korxonalari maxsus texnikalarining GPS’lari integratsiya qilinadi. Bunda tizim maxsus texnikalar GPS orqali tegishli hududga kirgani, xizmat ko‘rsatuvchilar belgilangan hududlarni tozalaganini isbotlovchi suratlarni ushbu tizimga yuklagan taqdirdagina mazkur platforma orqali o‘sha hududda yashovchilar uchun to‘lovlar hisoblanadi. Xususan, sanitar tozalash korxonalarining reja-grafigi asosida 1 oyda, masalan, 8 marta kirish rejalashtirilgan bo‘lsa, mazkur grafik asosida maxsus texnika necha marta kirsa, shuncha marta tizim orqali to‘lovlar hisoblab boriladi. Agar yuqoridagi talablar asosida qatnovlar oshirilmasa, tegishli hududga kirib tozalanganligi to‘g‘risida suratlar yuklanmasa, ushbu tizim tomonidan tegishli hududlarda to‘lovlar hisoblanmaydi.

«Mazkur qonundan asosiy maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan sanitar tozalash xizmatlariga to‘lovlar doimiy ravishda va adolatli tarzda amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat. Bu  o‘z navbatida aholi bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi qarzdorlikni kamaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va investitsiyalar kiritish imkoniyatlarini yaxshilashga yordam beradi. Shu bilan birga, fuqarolarga to‘lov intizomini osonlashtirish va aniq tartibda amalga oshirish, maishiy chiqindilar uchun majburiy to‘lovlarni elektr energiyasi to‘lovlari bilan birga undirish mexanizmini joriy qilishga imkon beradi.  Qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishga yordam beradi va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslikdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy sanksiyalardan himoya qiladi», deyiladi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni boshqarish agentligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid