Malayziya 10 yil oldin yo‘qolgan MH370 reysini qidirish ishlarini qayta boshlashga qaror qildi
Malaysia Airlines aviakompaniyasining bortida 239 kishi bo‘lgan reysi 2014 yilda radarlardan yo‘qolgan edi. Amerika kompaniyasi ushbu samolyotni qidirish bilan shug‘ullanadi va agar uni topishga muvaffaq bo‘lsa, 70 mln dollar oladi.
Malayziya Vazirlar Mahkamasi Malaysia Airlines aviakompaniyasining 2014 yilda bortida 239 kishi bilan yo‘qolgan samolyotini qidirish ishlarini qayta tiklashga rozi bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning The Star gazetasi transport vaziri Entoni Loukga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, qidiruv ishlarini o‘tkazish taklifi dengiz tubini tadqiq etish bilan shug‘ullanuvchi Amerikaning Ocean Infinity kompaniyasidan kelib tushgan. Tashkilot 2018 yilda ham ushbu samolyotni qidirgan, ammo biror natijaga erishmagan edi.
The Star ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning martida Ocean Infinity samolyot qulashi mumkin bo‘lgan hudud bo‘yicha yangi dalillarni topganini ma’lum qilgan. Tashkilot Hind okeanining janubiy qismidagi 15 ming kilometr kvadrat maydonda yangi qidiruv ishlarini boshlash taklifini bildirmoqda. Loukning ta’kidlashicha, Transport vazirligi kompaniya tomonidan taqdim etilgan yangi ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan va ularda «ishonchli ilmoq»ni topgan.
Hozirda Malayziya hukumati va Ocean Infinity 18 oyga mo‘ljallangan shartnoma shartlarini muhokama qilmoqda. Loukning so‘zlariga ko‘ra, samolyot topilsa, Ocean Infinity 70 million dollar oladi.
MH370 reysi halokati
Kuala-Lumpur – Pekin yo‘nalishida MH370 reysini amalga oshirgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing-777 samolyoti 2014 yil 7 martdan 8 martga o‘tar kechasi havoga ko‘tarilganidan bir soat o‘tmay radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Layner bortida 227 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, layner qulagan va uning qoldiqlari Hind okeanining janubiy tubiga g‘arq bo‘lgan. 2015 yil yanvarida Malayziya rasmiylari bortdagilarning barchasini rasman halok bo‘lgan deb e’lon qilgan.
Samolyot yoki yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining jasadlarini topishga bo‘lgan barcha urinishlar hozircha muvaffaqiyatsiz kechgan. 120 ming kilometr kvadrat maydonda olib borilgan suvosti qidiruv ishlarida qoldiqlar izi topilmagan. Turli vaqtlarda turli joylarda yo‘qolgan samolyotga tegishli 27 ta parcha topilgan. Bundan ekspertlar mashina parchalanib ketgan degan xulosaga kelgan, biroq ular bu havoda yoki suvga urilganda sodir bo‘lgani hamda nima sababdan yuz berganini oxirigacha aniqlay olmagan. MH370 reysi taqdiri sirligicha qolmoqda.
Mavzuga oid
14:10 / 20.12.2024
Malayziya banki O‘zbekistonda o‘z filialini tashkil etishi mumkin
10:55 / 18.12.2024
Malayziya bilan "aqlli" shahar texnologiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
22:20 / 08.12.2024
Malayziya BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini olishga rozi bo‘ldi
17:25 / 30.11.2024