Jahon | 14:30 / 20.12.2024
2998
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning mudofaa va xavfsizlik sohasida kosmik suratlarga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni joriy etish orqali 100 mingdan ortiq qonunbuzilish ehtimoli yuqori holatlar qayd etilgan. Shuningdek, mudofaa va xavfsizlik sohasida kosmik suratlar va ularning tahliliga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib bormoqda. Senat ma’qullagan «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun bilan hukumat, «O‘zbekkosmos» va Mudofaa vazirligi sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati

19 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Senatorlarga ko‘ra, 2023 yilda iqtisodiyot sohalariga kosmik texnologiyalarni joriy etish orqali 47 mingga yaqin qonunbuzilishlarni aniqlashga ko‘maklashilgan bo‘lsa, joriy yil dekabr holatiga 100 mingdan ortiq qonunbuzilish ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlar qayd etilgan.

Shu bilan bir qatorda mudofaa va xavfsizlik sohasida kosmik suratlarga va uning tahlil natijalariga bo‘lgan ehtiyoj yildan yilga o‘sib bormoqda.

Biroq bugungi kunda kosmik faoliyat sohasini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi, kosmik faoliyatni amalga oshirishda yagona davlat siyosatini hamda uning prinsiplari va maqsadlarini belgilab beruvchi, shuningdek, sohaga aloqador davlat organlari vakolatlarini aniq tartibga soluvchi qonun mavjud emas.

Yangi qonun bilan kosmik faoliyatga oid asosiy tushunchalar va prinsiplar, faoliyatni amalga oshirishning maqsadlari, kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilgan. Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Qonunda kosmik faoliyat va uning obektlari hamda sub’yektlari, yerusti kosmik infratuzilmasi obektlari, yerni masofadan zondlash, kosmik apparat, kosmik monitoring, kosmik obekt, kosmik texnologiyalar, kosmik xizmatlar kabi asosiy tushunchalar mazmuni ochib berilmoqda. Hujjatda kosmik faoliyatning quyidagi asosiy prinsiplari belgilangan:

  • mamlakatning ilmiy-texnik salohiyatidan va kosmik faoliyat imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
  • kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalarning raqamlashtirish darajasini hamda shaffofligini oshirish;
  • kosmik faoliyatni amalga oshirishda ekologik, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga doir va boshqa talablarga rioya etilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunda kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kosmik tizimlarning turlari, ya’ni yerni masofadan zondlash, davlat kosmik monitoringi, kosmik aloqa tizimi, yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi, kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) foydalanish, kosmik obektlarni tamg‘alash, ijaraga berish, kosmik obektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish, kosmik infratuzilma va faoliyat xavfsizligi, faoliyatni moliyalashtirish asoslari hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.

Qonunda ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, mudofaa, xavfsizlik va boshqa sohalarga oid maqsadlarga erishish uchun kosmik texnologiyalar vositasida kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, kosmik faoliyatning atrof-muhit, tabiiy resurslar va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini nazorat qilish kabi masalalarga alohida e’tibor berilgan. Qonunda kosmik faoliyat sohasidagi strategik yo‘nalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani nazarda tutilgan.

Hujjat qabul qilinishi natijasida kosmik faoliyat sohasi tartibga solinib, mas’ul organlar, ularning vakolatlari va vazifalari aniq belgilanishi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashda kosmik faoliyatni amalga oshirishning huquqiy kafolati yaratilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid