Jahon | 15:13 / 21.12.2024
6231
3 daqiqa o‘qiladi

Blinken: Ukraina kurashish yoki muzokara o‘tkazish haqida bir qarorga kelishi kerak

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken MSNBC kanaliga bergan intervyusida Kiyev «asosiy qaror» qabul qilishi kerakligini aytdi: Rossiya bilan kurashish yoki muzokara qilish. U Kremlning tinchlik muzokaralariga tayyorligiga shubha qilmoqda.

Foto: RBK-Ukraina

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 19 dekabr, payshanba kuni Amerikaning MSNBC telekanaliga bergan intervyusida ukrainaliklar «jangni davom ettirish yoki muzokaralar olib borish va o‘t ochishni to‘xtatishga urinish bo‘yicha fundamental qaror qabul qilishi kerak» dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, asosiy savol: «Rossiya buni qilishga tayyormi?»

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning amaldagi rahbariyati Kiyev va AQSh keyingi ma’muriyatini 2025 yilda Kreml bilan potensial tinchlik muzokaralarini boshlash uchun eng yaxshi holatga keltirishni maqsad qilgan. «Va bu biz Ukrainaning jang maydonidagi pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilishimiz, uning pul, o‘q-dori va safarbarlik salohiyatiga ega ekanligiga ishonch hosil qilishimiz kerakligini anglatadi», deb tushuntirdi u. Shu bilan birga, rasmiy Vashington «Rossiyaga maksimal bosim o‘tkazishda» davom etishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Entoni Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, rus armiyasining jang maydonidagi yo‘qotishlari «favqulodda yuqori». «Yoshlar go‘sht qiymalagichga tashlanishda davom etmoqda», — dedi u.

Blinken: Ukrainada sulh adolatli bo‘lishi va uzoq davom etishi kerak

Shu kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida AQSh davlat kotibi «agar ukrainaliklar xohlasa» Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishish «yaxshi bo‘lardi», dedi. Biroq, u qo‘shimcha qilishicha, «bu adolatli va doimiy bo‘lishi kerak». «Uning uzoq davom etishi uchun Rossiya shunchaki dam olishga, qayta qurishga va keyin yana hujum qilishga qodir emasligi haqida ma’lum kafolatlarga ega bo‘lish zarur», dedi Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Putin sanksiyalar «yuki» ostidan chiqib ketmoqchi. Ammo u «imperiya ambitsiyalaridan voz kechishi dargumon».

Mavzuga oid