O‘zbekiston | 10:12 / 21.12.2024
924
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mevali bog‘larni barpo etish bo‘yicha Ispaniya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi ishchi guruhining Ispaniyaga xizmat safari tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Ishchi guruh mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish, ko‘chat yetishtirish va ularni sertifikatlash tizimi bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganish uchun Madrid, Saragosa, Valensiya va Mursiya provinsiyalaridagi kompaniya va tashkilotlar rahbarlari muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, IMIDRA va ITUM ilmiy-tadqiqot markazlarida vinochilik va uzumchilik bo‘yicha ilmiy ishlanmalar, vinobop va urug‘siz xo‘raki uzum navlarini seleksiya qilish, yetishtirish hamda turlarni saqlab qolish tajribasi o‘rganildi. Delegatsiya a’zolari XIX asrdan hozirgi kunga qadar dunyoning turli hududlaridan keltirilgan va seleksiya orqali yaratilgan yangi uzum navlari bazasi bilan tanishtirildi.

Kalatayud hududidagi Viveros Veron va Viveros Villanueva kompaniyalarining danakli mevalar va uzumchilik plantatsiyalariga tashrif davomida ko‘chatchilik tajribasi o‘rganildi Viveros Veron vakillari O‘zbekistonga meva ko‘chatlarini yetkazib berish orqali mahalliy fermerlar bilan hamkorlik qilayotganini va uni kengaytirishdan manfaatdorligini ma’lum qildi.  

Mursiya provinsiyasidagi Viveros of ITUMGRAPES fermer xo‘jaligi uzumzorlar bilan mashhur. Bu yerda yetishtirilayotgan yuqori haroratga va suvsizlikka chidamli uzum navlari O‘zbekiston vakillariga katta taassurot qoldirdi.

Qishloq xo‘jaligida tejamkorlik va samaradorlikni oshirishga ko‘maklashuvchi IT qurilmalar va dasturiy platformalarni ishlab chiqaruvchi Odin Solutions kompaniya rahbariyati bilan kechgan muloqot chog‘ida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Valensiya va Mursiya viloyatlariga safari davomida qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya infratuzilmalarni barpo etish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Bombas Ideal, Azud, Hermisan kompaniyalari rahbarlari muzokaralari uyushtirildi. Amalga oshirilgan loyihalar o‘rganildi.

Ispaniya tomoni O‘zbekistonda bog‘ va uzumzorlar tashkil etish loyihalarida innovatsion texnologiyalari bilan qatnashishga qiziqish bildirdi. Bombas Ideal bilan suv xo‘jaligi sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.

Madrid shahrida Butunjahon zaytun kongressi kotibiyati bilan kechgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda zaytunchilikni rivojlantirish, tajriba almashish, sovuqqa chidamli zaytun navlarini yetkazib berish, pilot loyihalarini ishlab chiqish borasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Kotibiyat vakillari bu sohada yetakchi ispan tadqiqot institutlari va kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etishni taklif etdi.

Viveros Jesús Poza va Vefruber S.L. kompaniyalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mevali bog‘ barpo etish, ko‘chat yetkazib berish va O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarni Yevropa bozoriga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Ispan kompaniyalari rahbarlarining 2025 yil birinchi choragida O‘zbekistonga safarini tashkil etish, uning doirasida o‘zbek tomoni taklifi asosida qo‘shma loyihalarni batafsil muhokama qilishga ahdlashib olindi.

Mavzuga oid