O‘zbekiston | 11:05 / 21.12.2024
1531
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yangi elchisi Turkmaniston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Alimov Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: "Dunyo" AA

Diplomat uchrashuvga vaqt ajratgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga salomlarini yetkazdi hamda mamlakat rahbarining mustaqil betaraf Turkmaniston bilan an’anaviy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.

Turkmaniston prezidenti samimiy so‘zlar uchun minnatdorlik bildirib, Ravshan Alimovni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va O‘zbekiston oliy rahbariyatiga ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari uzoq muddatli hamda strategik xususiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda davlatlararo muloqotning barcha miqyosda barqaror va samarali rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, energetika, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik muttasil jadallashayotgani urg‘ulandi. Har ikki tomon xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘z harakatlarini yaqindan muvofiqlashtiradi.

Elchi Ravshan Alimov kelgusida an’anaviy do‘stona o‘zbek-turkman munosabatlarini rivojlantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayrati va bilimini safarbar etishini bildirdi.

Ravshan Alimov shu yil 29 noyabr kuni O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi sifatida Turkmaniston poytaxtiga tashrif buyurdi. U 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi vazifasida ishlagan.

Mavzuga oid