O‘zbekiston | 20:42 / 21.12.2024
10893
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalar uchun kontrakt pulini to‘lash muddati uzaytirildi

Bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun bazaviy va tabaqalashtirilgan kontraktni to‘lash muddati 31 dekabr kuniga qadar uzaytirildi.

Foto: Kun.uz

Davlat qabul komissiyasining tegishli bayoniga ko‘ra bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun kontraktni to‘lash muddati uzaytirildi.

2024/2025 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining quyidagi bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun bazaviy va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatidan 50 foizi miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2024 yil 31 dekabri (shu kuni ham) etib belgilandi:

  • to‘lov-kontrakt jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurslar);
  • o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklagan talabalar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar.

Qayd etilishicha, bu 2024/2025 o‘quv yilida qabul qilingan abituriyentlar uchungina amal qiladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oxirlarida bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning muddati 2024 yil 1 dekabrga qadar uzaytirilgan edi.

Mavzuga oid