Fan-texnika | 12:10 / 22.12.2024
1806
6 daqiqa o‘qiladi

“Qotil” chatbot, kasallikni oldindan aniqlaydigan aqlli uzuk va super kompyuter – texnodayjest

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texno xabarlarni jamladi.

Onlayn mashinalar savdosi

Amazon endi avtomobil savdosiga ham kirib keldi.

Kompaniya Hyundai bilan hamkorlikda AQShning 48 shahrida mashinalarni internet orqali sotishni boshladi. Endilikda xaridorlar platforma orqali avtomobil tanlash, eski mashinasini yangisiga almashtirish va hatto yetkazib berishni tashkil qilish imkoniyatiga ega.

Sotuvda hozircha faqat Hyundai avtomobillari mavjud, ammo kelajakda boshqa brendlar ham qo‘shilishi kutilmoqda. Amazon ushbu jarayonda vositachi sifatida ishlaydi, yani xaridor avtomobilni to‘g‘ridan to‘g‘ri dilerdan sotib oladi.

Amazon Auto loyihasi orqali xaridorlarga savdo jarayoni qulaylashtiriladi, dilerlar esa yangi mijozlar oqimiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, kompaniya 2025 yil 10 yanvargacha mashina sotib olganlarga 2300 dollarlik sovg‘a kartasini ham taklif qilyapti. Bu loyiha mashina xarid qilishni yanada qulaylashtirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Amazon’ning umumiy foydalanuvchilari soni 310 milliondan ortadi, bu esa platformaga yetarli darajada xaridor topish imkoniyatini taqdim etadi.

Google’dan yangi sun’iy idrok funksiya

Google o‘zining yangi "Deep Research" yani "Keng qamrovli izlanish" nomli sun’iy idrok funksiyasini taqdim etdi. Ushbu xizmat Gemini primium obunachilariga o‘z tadqiqotlarini yengillashtirish uchun yaratilgan.Foydalanuvchilar Gemini chatboti orqali istalgan mavzuda batafsil hisobot so‘rashi mumkin.

Bunda sun’iy idrok dastlab bosqichma-bosqich tadqiqot rejasini tuzadi, keyin internetda ma’lumot izlab, topgan asosiy faktlarni manbalari bilan birga jamlaydi. Tayyor hisobotni tahrirlash yoki Google Docs’ga eksport qilish mumkin.

Ushbu yangi funksiya Google’ning Gemini dasturi yangilanishining bir qismi bo‘lib, bu kompaniyaning mustaqil vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellektga o‘tish strategiyasi bir qismi hisoblanadi. "Deep Research" tadqiqotni avtomatlashtirib, foydalanuvchilar uchun vaqtni tejaydi.

Hozircha bu funksiya Gemini Primium obunachilari uchun faqat ingliz tilidagina mavjud.

“Qotil” chatbot

Texasda bir oila 17 yoshli farzandiga gadjetlardan foydalanish vaqtini cheklagani uchun character.ai chatboti bolaga ota-onasini o‘ldirishni qo‘shtirnoq ichidagi "mantiqiy yechim" deya tavsiya bergan.

Shu sababli ular kompaniyani yoshlarni zo‘ravonlikka undashda ayblab, platformani yopishni talab qilmoqda. Ularning da’vo arizasida Google ham ayblanuvchi sifatida keltirilgan. Chunki Google ushbu platformaning rivojlanishida hissa qo‘shgan.

Ma’lumot uchun, character.ai - foydalanuvchilarga virtual shaxsiyatlar yaratish imkonini beruvchi platforma bo‘lib, ilgari Florida shtatida bir o‘smirning o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq sud ishida ham ayblangan. Ota-onalar bu platformaning xavf-xatarlari hal etilmaguncha uni yopishga chaqirmoqda.

Superkompyuter

Yaponiyada birinchi "Zeta-Class" superkompyuteri yaratiladi

2025 yilda Yaponiya hozirda mavjud eng tezkor kompyuterlardan ham ming marta kuchliroq bo‘lgan yangi avlod "Zeta-Class" superkompyuterini ishlab chiqishni boshlaydi. Bu superkompyuter koinotni tadqiq qilish, yangi materiallarni kashf etish, iqlim o‘zgarishlarini prognoz qilish kabi murakkab hisob-kitoblar uchun qo‘llanadi.

Shuni eslab o‘tish o‘rinliki, koronavirus pandemiyasi davrida, Fugaku superkompyuteri aerozollarning tarqalishini aniqlash va niqoblarning samaradorligini o‘rganishda katta yordam bergan.

Superkompyuterlar insoniyatga koinotni yaxshiroq o‘rganish, dolzarb muammolarni hal qilish va kelajakni shakllantirishda yangi imkoniyatlar yaratishi aytilmoqda.

Kasallik haqida ogohlantiradigan uzuk

Pandemiya avjiga chiqqan paytda ko‘plab kompaniyalar kasallikning dastlabki belgilarini aniqlashga yordam beradigan gadjet ixtiro qilishni juda ham xohlashgandi. Oradan 4 yil o‘tibgina bu g‘oya amalga oshirildi.

Finlandiyaning Oura Health kompaniyasi tomonidan yaratilgan Oura Ring “aqlli” uzugi sizga shunday imkoniyatni taqdim qiladi.

Innovatsion qurilmaning yangilangan funksiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri insonlarga diagnoz qo‘ymasa-da, kasalliklarning dastlabki belgilarini aniqlashda yordam beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, inson tanasi kasallik boshlanishidan bir yoki ikki kun avval o‘z faoliyatini o‘zgartiradi. Aqlli uzuk kasallikning turini aniqlay olmasa-da, uning mavjudligi haqida foydalanuvchini oldindan ogohlantirishi mumkin.

Aqlli uzukning ichki yuzasida tana harorati, yurak urishi, nafas olish tezligi, faollik darajasi, uyqu sifati va foydalanuvchi tanasining boshqa parametrlarini kuzatuvchi bir nechta datchiklar mavjud. Shu asosida u ma’lumotlarni to‘playdi va tanada kasallik alomatlari bor yoki yo‘qligi haqida xabardor qiladi.

Aqlli uzuk o‘n ikki xil o‘lcham va oltita rangda sotuvga chiqarilgan. Uning boshlang‘ich narxi 349 dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid