Jahon | 17:17
24039
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh rekord sondagi O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qildi

Qo‘shma Shtatlardan majburiy chiqarib yuborilgan o‘zbekistonliklar soni bir yilda 6 barobar oshgani qayd etildi.

Foto: Getty Images

AQSh hukumati 30 sentabrda yakunlangan 2024-moliya yilida 572 nafar migrantni O‘zbekistonga deportatsiya qildi. Bu haqda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) hisobotida aytiladi.

O‘tgan moliya yilida O‘zbekistonga 88 kishi deportatsiya qilingan, avvalgi yillarda bu ko‘rsatkich yanada past edi.

Umuman olganda, 2023 yil sentabridan 2024 yil sentabrigacha AQSh 271,4 ming migrantni deyarli 200 ta davlatga deportatsiya qilgan. Bu 2014-moliya yilidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, o‘sha yili 316 mingga yaqin migrant mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

ICE hisobotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilganlarning qariyb 32 foizi jinoiy o‘tmishga ega odamlar. Deportatsiya qilinganlarning aksariyati AQSh janubiy chegarasini kesib o‘tgan.

2023 yilda Markaziy Osiyo davlatlaridan 50 mingdan ortiq odam AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, bunda 17 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi boshpana so‘rab murojaat qilgan.

Iyun oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Meksika chegarasidan kirib kelgan noqonuniy migrantlar uchun boshpana berish qoidalarini kuchaytirdi. Yangi chora-tadbirlar noqonuniy migrantlar soni 7 kun davomida kuniga 2,5 ming kishidan iborat belgilangan chegaradan oshsa, ularni darhol deportatsiya qilish imkonini beradi. Cheklovlar nazoratsiz bolalar va odam savdosi qurbonlariga taalluqli emas.

Mavzuga oid