O‘zbekiston | 17:59
2010
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vaziri O‘q otish sporti federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi

Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov O‘q otish sporti federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘q otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda kun tartibiga muvofiq, federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglangan, so‘ngra O‘q otish sporti federatsiyasi raisi lavozimiga mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov nomzodi taklif etilib, yig‘ilish delegatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.

Yig‘ilish so‘ngida, federatsiya raisi yig‘ilganlarni kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasining qisqacha mazmun-mohiyati bilan tanishtirib, hududlarda zamonaviy infratuzilmaga ega va zamon talablariga mos jihozlar bilan ta’minlangan o‘q otish binolari bunyod etilishi, sportchilar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi hamda kelgusida harbiylar o‘rtasida o‘q otish sport turi bo‘yicha «Mergan kubogi» va yoshlar o‘rtasida mamlakat birinchiligi o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari federatsiyaning asosiy e’tibori Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritish hamda sportchilarning sovrinli o‘rinlarni egallashiga qaratilishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, tayinlovga qadar O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi raisi lavozimida Oybek Norinboyev ishlab kelayotgan edi.

Noyabr oxirlarida O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga muvofiq general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangan edi. Tayinlovga qadar u mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Mavzuga oid