O‘zbekiston | 19:33 / 24.12.2024
2882
4 daqiqa o‘qiladi

“Davlatning kino sohasidan chiqib ketishiga hali vaqt bor” – Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat va turizm vaziri kino sohasi rivojlanishi uchun Kinematografiya agentligi filmlar suratga olmasligi kerak degan fikrda. Ammo bir vaqtning o‘zida vazir sohani tijoriylashtirishga qarshi ekanini bildirdi. Rasmiyga ko‘ra, bunga O‘zbekiston tayyor emas.

Shu yil avgust oyida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “O‘zbekkino” (hozirgi Kinematografiya agentligi) kino ishlab chiqarishni to‘xtatsa, sohada rivojlanish bo‘lishini ta’kidlagandi. Vazir agentlik faqat buyurtmachi bo‘lib, xususiy shirkatlarni rivojlantirishi va qo‘llab-quvvatlashi lozimligini, bu borada ishlar olib borilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Ammo 24 dekabr kuni AOKAda o‘tgan anjumanda davlat hanuz kinolar suratga olayotgani, keyingi yilga yana 65 ta film loyiha sifatida ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. Ozodbek Nazarbekov shu holatga izoh berdi.

Haliyam shu fikrdaman, ya’ni sizlar kutayotgan darajada kino rivojlanishi uchun, jamiyat o‘rtasida kino yashashi uchun bular [Kinematografiya agentligi] kino ishlab chiqarishni to‘xtatishi kerak. Ana o‘shanda boya aytayotganlaridek, tijoriy filmlar paydo bo‘ladi, sizlar shuni kutyapsizlar. Shuhrat aka hozir O‘zbekiston davlatining kinoga nisbatan strategiyasini e’lon qildi. Ya’ni davlat bizga nimalarni buyurtma qilyapti, qaysi buyurtmani beryapti va unga pul beryapti. Shuning uchun hozir O‘zbekistonning kino bilan qiladigan ishi bor. Buni Shuhrat aka sizlarga aytib o‘tdi.

Lekin sizlar nimaga kino yashamayapti, nimaga rivojlanmayapti, nimaga butun dunyoga chiqib ketmayapti deyotganinglarning sababi, yana qaytarib aytaman, davlat kino olsa, unday bo‘lmaydi. Uni kutmanglar”, – dedi vazir.

Vazirga ko‘ra, davlat hech qachon faqat pul topish uchun kino olmaydi. Pul topish maqsadida kino olish uchun filmni turli jozibador narsalar bilan bezash kerak. “Bizda kinolarga ko‘proq e’tibor qaratadigan bo‘lsangiz, g‘oyaviy, milliylik, tariximizni ochish masalalari [ilgari surilgan]”, – deydi u.

Bu birinchidan, o‘ta qimmat, ayniqsa tarixiy filmlar juda qimmatga tushadi, arzon bo‘lmaydi. Va yuqorida aytganimdek, umuman kinoning mutlaq tijoriy shaklga o‘tib ketishi ertaga har xil ....

... Mahsulot Hollywood darajasida ishlab chiqarilishi uchun biz bugun bitta filmga 20 mln dollar ishlatishimiz kerak. Gap shunda. Shuning uchun buning har xil obektiv, sub’yektiv masalalari bor. Kino birinchi navbatda butun dunyoda g‘oyaga tez ta’sir qiluvchi instrument hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekistonda buni xususiy qo‘llarga berib qo‘yish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?” – dedi Nazarbekov.

Rasmiy vakilning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston – rivojlanib, oyoqqa turayotgan respublika, unga g‘oyaviy hujum qiluvchi kuchlar bor.

Shunga biz yetib kelishimiz kerak, kinomiz budjeti, jamiyatimizning himoya immuniteti shakllanishi kerak, avvalo. Ana o‘shanda shu narsalarni qilsak bo‘ladi. Hollywood’da kino olayotgan xususiy kinematograf Amerika siyosatiga qarshi film olmaydi. Muddat kerak, bunga hamma tayyor bo‘lishi kerak, jamiyat shunaqa holatlarga tayyor bo‘lishi kerak. Mana, bugun bizning jamiyatimizda millatimizni himoya qilish immuniteti kuchayib ketyapti yoki uni parokanda qilishmi? Vaqt kerak, bunga ya’ni umumiy jamoatchilikning umumiy fikri shakllanishi kerak”, – dedi Madaniyat va turizm vaziri.

Mavzuga oid