Al-Jo‘laniy isyonchi guruhlar qurollarini tashlashga roziligini e’lon qildi
Suriyada Bashar Asad rejimini ag‘dargan muxolifatchi kuchlar o‘z qurolli guruhlarini tarqatib yuborish va ulardan mamlakatning yagona milliy armiyasini tuzish borasida kelishib olgan. Bu haqda mamlakatning amaldagi yangi rahbari Ahmad al-Shar’a ma’lum qildi.
«Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi (hamon ko‘plab davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan) rahbari Ahmad al-Shar’a bu haqda boshqa qurolli guruhlar yetakchilari yonida turib aytgan.
Ammo ular orasida Suriya shimoli-sharqini nazorat qiluvchi kurdlar vakili bo‘lmagan.
Bu tuzilmalarning barchasi mamlakat mudofaa vazirligi nazorati ostidagi yangi milliy armiyaga birlashtiriladi, degan al-Shar’a.
O‘tgan haftada «Hay’at Tahrir ash-Shom» a’zosi bo‘lgan va guruhning poytaxt Damashqqa g‘olibona yurishiga qo‘mondonlik qilgan Murhaf Abu Kasra mudofaa vaziri etib tayinlangandi.
SANA davlat axborot agentligi Ahmad al-Shar’a (bungacha Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusi bilan tanilgan) Suriyadagi boshqa qurollangan guruhlarning yetakchilari qurshovida tushgan fotosuratlarni namoyish etgan.
Ular orasida mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarini nazorat qiluvchi va shu kunlarda Turkiya ta’siridagi Suriya ozodlik armiyasiga qarshi jang qilayotgan kurdlarning Suriya demokratik kuchlaridan vakil bo‘lmagan.
Avvalroq Ahmad al-Shar’a Suriyaning yangi hukumati «mamlakatda davlat nazoratida bo‘lmagan qurol paydo bo‘lishiga hech qanaqasiga yo‘l qo‘ymasligi»ni va’da qilgandi. Bu birinchi navbatda al-Shar’a alohida eslab o‘tgan kurdlar manziliga qaratilgan ogohlantirishdek yangragandi.
Yangi hukumat «Suriya bo‘linmasligi»ni ta’kidlab, kurdlarning hududlarini ham birlashtirish yo‘lini topishiga ishontirmoqda.
Suriyada 2011 yilgi «Arab bahori» inqiloblari ta’sirida boshlangan fuqarolik urushi 13 yil davom etdi va yarim milliondan oshiq kishi hayotiga zomin bo‘ldi.
Mavzuga oid
21:08 / 25.12.2024
The Telegraph: Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad leykoz tufayli boshqalardan izolyatsiya qilindi
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «ko‘mishga» va’da berdi
12:10 / 25.12.2024
Sobiq isyonchi guruhlar Suriya Mudofaa vazirligini nazorat qilmoqchi
21:05 / 24.12.2024