O‘zbekiston | 17:13 / 25.12.2024
5610
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi

Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami, jumladan, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, jami 9 vagondan iborat «Salomatlik» tibbiy-sanitar yordami yuborilgan. 25−30 dekabr kunlari Afg‘onistonning Balx viloyatida bir guruh aholi malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

«Mazkur insonparvarlik yordami O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlarining uchrashuvida afg‘on xalqini O‘zbekiston shifokorlari tomonidan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatish so‘roviga asosan amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Insonparvarlik yuklari Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Transport va Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ mutasaddilari tomonidan yetkazib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida O‘zbekiston toshqinlardan jabr ko‘rgan afg‘on xalqiga gumanitar yordam yuborgandi. O‘shanda insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 22 tonna guruch, 100 ming dona konserva va 44 tonna makaron mahsulotlari, 25 ming litr o‘simlik yog‘i, 100 ming dona tez tayyorlanadigan lag‘mon, shuningdek, 10 kishilik 100 ta maxsus qurilmali chodir va 1000 litrli 96 ta suv saqlash idishlari o‘rin olgan edi.

Mavzuga oid