Jahon | 21:44 / 27.12.2024
3508
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp ilgari surayotgan ommaviy deportatsiya 86 mlrd dollarga baholanmoqda

AQSh Chegara xizmatining bo‘lajak rahbari Tomas Homan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni «milliy xavfsizlik»ka bog‘ladi. Uning aytishicha, Tramp administratsiyasi oilalarni parchalash emas, balki ularni birgalikda deportatsiya qilish niyatida.

Foto: AP

AQSh Chegara xizmatining bo‘lajak rahbari Tomas Homan ommaviy deportatsiya birinchi navbatda «milliy xavfsizlik» bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi, deb yozadi The Economist Times.

Tomas Homanning qayd etishicha, Oq uy ommaviy deportatsiya uchun Kongressdan 86 milliard dollar so‘raydi. Uning aytishicha, bu kelajakda amerikalik soliq to‘lovchilarning pullarini tejab qolishga xizmat qiladi. Homanning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hozirda noqonuniy migrantlarning bepul aviachiptalari, mehmonxona nomerlari, tibbiy yordami, oziq-ovqat va ta’lim tizimi uchun milliardlab dollar sarflamoqda.

«Siz milliy xavfsizlikni qanchaga baholaysiz? Uning narxi bor deb o‘ylamayman. O‘z farzandlarini ko‘mgan minglab amerikalik ota-onalarni qanchaga baholaysiz? Siz parchalangan oilalar haqida gaplashmoqchisiz, ular o‘z farzandlarini ko‘mdilar, chunki bu yerda bo‘lishi kerak bo‘lmagan noqonuniy migrantlar ularning farzandlarini o‘ldirdi...», — deydi Homan.

Chegara xizmatining bo‘lajak rahbariga ko‘ra, Tramp administratsiyasi oilalarni parchalash emas, balki ularni birgalikda deportatsiya qilish niyatida. Noqonuniy migrantlarning farzandlari AQSh fuqaroligidan mahrum qilinmaydi, ammo ular keyingi qarorlar qabul qilingunicha reabilitatsiya markazlariga joylashtiriladi.

Tomas Homan, shuningdek, mamlakatda tug‘ilgan chaqaloqqa AQSh fuqaroligi berilishini tanqid qilib, bu noqonuniy migrantlarni «qonunlar qarshisida daxlsiz» qilmasligini ta’kidladi.

Avvalroq Donald Tramp deportatsiya siyosatini amalga oshirishning birinchi bosqichida bir million migrantni mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Migratsiya siyosati instituti tomonidan to‘plangan ma’lumotlar so‘nggi 10 yil ichida Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilinganlarni qabul qilgan o‘nta davlat Lotin Amerikasida ekanligini ko‘rsatgan. Birgina Meksikaning o‘zi kamida 1,7 million kishini qabul qilgan, bu boshqa to‘qqiz mamlakatni jamlagandan ko‘ra ko‘proq.

 

Mavzuga oid