Jahon | 19:14 / 27.12.2024
10763
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kursk oblastida ilk marta KXDR askarini asirga oldi - OAV

Ukraina va KXDR jangchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 14 dekabrda boshlandi. Biroq, shu paytgacha koreyaliklarni asirga olish holati bo‘lmagandi.

Foto: strana.ua

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) birinchi marta Rossiya tomonida jang qilgan KXDR askarini hibsga oldi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmatiga tayanib Yonhap xabar berdi.

«Do‘stona mamlakatning razvedka tashkiloti bilan real vaqt rejimida ma’lumotlar almashinuvi tufayli Shimoliy Koreyaning yarador askari qo‘lga olingani tasdiqlandi», deyiladi idora bergan ma’lumotda.

Shu bilan birga, Janubiy Koreya razvedkasi askarning qayerda qo‘lga olingani haqida ma’lumotga ega emas. Ukrainaning Militarnyi nashriga ko‘ra, asirga olish Rossiyaning Kursk oblastida sodir bo‘lgan. Ukraina hukumati va Ukraina Qurolli kuchlari bu ma’lumotga rasman izoh bermadi.

Ukraina rasmiylari oktyabr oyida KXDR o‘z askarlarini Rossiyaga jo‘natganini e’lon qilgan edi. Keyin bu ma’lumotni Janubiy Koreya razvedkasi va Pentagon tasdiqladi. Ukraina va uning g‘arbiy hamkorlari hisob-kitoblariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga kamida 10 ming harbiy xizmatchi jo‘natgan. Shimoliy Koreya askarlari va Ukraina qurolli kuchlari o‘rtasidagi ilk janglar noyabr oyi boshida Kursk oblastida bo‘lib o‘tdi, uning bir qismini Ukraina armiyasi avgust oyidan beri qo‘lga olgan va ushlab turibdi.

Mavzuga oid