Jahon | 13:55 / 28.12.2024
2839
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi sovuq qurbonlari, Suvaysh kanaliga raqobatchi qurayotgan Isroil va Trampning ommaviy deportatsiya rejasi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi havodan va yerdan hujumlar orqali G‘azo sektorining shimoliy qismida o‘nlab binolarni kuchli portlovchi moddalar bilan portlatdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlovchi moddalar «Al-Auda» va «Kamol Advan» kasalxonalari yaqinidagi binolarga joylashtirilgan. Qo‘shimcha portlovchilar robotlar yordamida tashilgan.

Channel 13 telekanali xabar berishicha, G‘azo sektorining shimolidagi portlashlar ovozi hatto Tel-Aviv va uning atrofida ham eshitilgan.

Isroil zulmi va qamali tufayli ocharchilik va qahatchilik iskanjasida qolgan G‘azoda sovuq ham bolalarning hayotiga zomin bo‘lmoqda.

Qish faslida G‘azo sektorida tungi harorat nol darajadan pastga tushmoqda. Ovqat, suv va issiqliksiz qolgan aholi sovuqdan qutulish yo‘llarini izlamoqda. Biroq hamma ham buning uddasidan chiqayotgani yo‘q.

Doktor Ahmad al-Farraning xabar berishicha, Xon Yunusdagi Nosir klinikasiga so‘nggi 48 soat ichida sovuq sabab uch chaqaloqning halok bo‘lgani haqida ma’lumot kelib tushgan.

Isroilning doimiy hujumlari tufayli uylarini tark etgan minglab aholi vaqtinchalik chodirlarda yashamoqda. «Insonparvarlik zonasi» deb e’lon qilingan Al-Mavasiy ham bir necha bor hujumlarga duch kelgan.

Sektordagi tibbiyot tizimi deyarli vayron bo‘lgan: neonatal bo‘limlarning faqat 20 foizi amal-taqal qilib ishlab turibdi. Ularning aksariyatiga yetib borish amalda mumkin emas, chunki asosiy yo‘llar va tez yordam mashinalari Isroil artilleriyasi ostida qolmoqda.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan boshlangan Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 45 ming 436 kishiga, yaralanganlar esa 108 ming 38 kishiga yetdi.

So‘nggi bir sutkada Isroil armiyasining «uchta ommaviy qatliom» amalga oshirishi natijasida 37 kishi halok bo‘lgan va 98 kishi yaralangan.

Isroil Suvayshga raqobatchi kanal qurmoqchi

Isroil jahon dengiz tashuvlarining 12 foizini nazorat qilish maqsadida Ben-Gurion kanalini qurishni rejalashtirmoqda. Kanal Hindiston-Yaqin Sharq-Yevropa iqtisodiy koridori (IMEC)ning bir qismi bo‘lib, Suvaysh kanaliga muqobil sifatida yaratiladi.

Ben-Gurion kanali Qizil dengizdagi Aqaba ko‘rfazidan boshlanib, 293 kilometr uzunlikka ega bo‘ladi. Bu Suvaysh kanalidan taxminan 50 foizga uzunroq. Loyiha Isroilga yiliga 8–10 milliard dollar daromad keltirishi kutilmoqda.

Kanal qurilishi 5 yil davom etishi va kamida 16 milliard dollar sarmoya talab etishi taxmin qilinmoqda. Loyiha, shuningdek, Misrning iqtisodiy ta’sirini kamaytirish va Iordaniyani yangi iqtisodiy yo‘nalishlardan chetlatishga qaratilgan.

O‘zbekiston BRICS hamkoriga aylanadi

2025 yil 1 yanvardan Belarus, Boliviya, Indoneziya, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Tailand, Uganda va O‘zbekiston BRICS’ga «hamkor davlatlar» sifatida qo‘shiladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 27 dekabrda ma’lum qildi.

BRICS’ning Qozon sammitida «hamkor davlatlar» kategoriyasini joriy qilish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yana to‘rtta davlatga hamkorlikka qo‘shilish taklifi yuborilgan, va ularning javobidan keyin bu haqda Braziliya rahbarligida e’lon qilinadi.

Rossiya tomoni BRIKSning yangi hamkorlari bilan yaqin hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

BRICS 2009 yilda AQSh va G‘arb davlatlarining global ta’sirini muvozanatlashtirish uchun platforma sifatida tashkil etilgan. Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika uning asoschilari hisoblanadi. Keyinchalik unga Misr, Efiopiya, Eron va BAA kabi davlatlar ham qo‘shildi.

NATO Boltiq dengizida ishtirokini kuchaytirmoqda

NATO Boltiq dengizidagi harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda. Bu qaror Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan suhbatdan so‘ng alyans bosh kotibi Mark Ryutte tomonidan e’lon qilindi.

Suhbat davomida dengiz ostidan Finlandiyadan Estoniyaga tortilgan Estlink 2 elektr kabeli va aloqa kabellarining zararlanishi bo‘yicha ehtimoliy diversiya haqidagi tergov muhokama qilingan, Ryutte Finlandiyaga NATOning qo‘llab-quvvatlovi va birdamligini bildirgan.

Aytilishicha, shikastlangan kabellarni ta’mirlash uchun bir necha oy kerak bo‘ladi.

Finlandiya politsiyasi Boltiq dengizidagi kommunikatsiya kabelining zararlanishiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Eagle S neft tankerini qo‘lga oldi. Bu kemani Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tishda foydalanadigan «soyadagi flot»ga mansub deb hisoblashmoqda. Eagle S Kuka orollari bayrog‘i ostida Rossiya portlaridan biriga tegishli bo‘lib, yuklangan neftni Misrga olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

AZAL Rossiyaga parvozlarni to‘xtatmoqda

Azerbaijan Airlines — AZAL aviakompaniyasi 28 dekabrdan boshlab Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa, Samara, Grozniy va Maxachqala yo‘nalishlariga parvozlarni to‘xtatishini e’lon qildi. Keyinroq bu shaharlar safiga Rossiyaning yana uch shahri qo‘shildi: Saratov, Nijniy Novgorod va Vladikavkaz.

Kompaniya mazkur qarorni xavfsizlik sabablari bilan tushuntirdi. Bu Embraer 190 samolyoti halokati bo‘yicha dastlabki tergov natijalari va parvoz xavfsizligiga oid ehtimoliy xatarlar asosida qabul qilingan.

Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha chipta sotib olgan yo‘lovchilarga mablag‘larini qaytarish yoki boshqa yo‘nalishga reysni almashtirish taklif etilmoqda.

AZAL Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Astraxan, Qozon va Novosibirskka parvozlarni davom ettiradi.

Germaniyada yangi saylovlar sanasi belgilandi

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Bundestagning 20-chaqiriq tarkibini tarqatish va 2025 yil 23 fevralda muddatdan ilgari saylovlar o‘tkazish haqida qaror qabul qildi.

Shtaynmayyer Bundestagning tarqatilishi haqida qarori parlament rahbariyatiga yetkazilganini ta’kidladi. U Germaniyada siyosiy barqarorlikni saqlash muhimligini qayd etib, qonunchilik davri tugashidan avval parlament tarqatilishi Konstitutsiyada ko‘zda tutilgan favqulodda holat ekanini ta’kidladi.

16 dekabr kuni Bundestag kansler Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi e’lon qilgan edi. Bu hodisa Germaniyaning hukmron «svetofor koalitsiyasi»ning parchalanishidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Germaniyadagi demografik inqiroz

Germaniya haqida yana bir muhim xabar. So‘nggi o‘n yillikda Germaniya 6,43 mln migrantni qabul qilib, AQShdan keyingi eng yirik immigratsiya markaziga aylandi.

2022 yilda 15 yoshgacha bo‘lgan nemis bolalarning 42 foizi xorijda tug‘ilgan yoki kamida bitta xorijlik ota-onaga ega. Migrantlar ulushi aholining 18,8 foizini tashkil qildi, bu AQShdagi 15,3 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori.

Demografik muammolar, ayniqsa, Germaniyaning sharqiy hududlarida sezilmoqda. Tyuringiya parlamenti deputati Niklas Vassmanning ta’kidlashicha, nafaqaga chiqadigan ikki fuqaroga faqat bir yangi ishchi to‘g‘ri kelmoqda. U iqtisodiy o‘sishni saqlash uchun faqat texnologiyalarga emas, balki xorijlik ishchilarga ham tayanish zarurligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, migrantlarni mehnat bozoriga integratsiya qilish murakkab bo‘lib qolmoqda. Fuqaroligi bo‘lmaganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 14,7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, Germaniya fuqarolari o‘rtasida bu ko‘rsatkich 5 foizga teng.

Trampning ommaviy deportatsiya rejasi

AQSh Chegara xizmatining bo‘lajak rahbari Tomas Homan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni «milliy xavfsizlik» masalasi deb atadi. Uning aytishicha, Tramp administratsiyasi ommaviy deportatsiya uchun Kongressdan 86 mlrd dollar ajratilishini so‘ramoqda.

Homan bu harakat kelajakda soliq to‘lovchilar mablag‘larini tejashini ta’kidladi, chunki hozirda noqonuniy migrantlar uchun aviachiptalar, turar joy, tibbiy xizmat, oziq-ovqat va ta’limga milliardlab dollar sarflanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy deportatsiya oilalarni parchalash emas, balki birgalikda chiqarib yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Deportatsiya rejasining birinchi bosqichida bir million migrant mamlakatdan chiqariladi.

So‘nggi 10 yilda AQShdan deportatsiya qilinganlarning asosiy qismi Lotin Amerikasi mamlakatlariga, shu jumladan, 1,7 million kishi Meksikaga yuborilgan.

Mavzuga oid