"Hamkor bo‘lmasak, nimani yo‘qotamiz?" – O‘zbekistonning BRICS’dagi ishtiroki haqida suhbat
Asosiy maqsadi AQShga qarshi koalitsiya tuzish bo‘lgan tashkilot - BRICS’ga yangi yildan O‘zbekiston ham hamkor bo‘lmoqda. Buni esa Toshkent emas, Putinning yordamchisi, Kreml vakili e’lon qildi. Hamkorlik respublikaning JSTga a’zoligini yana cho‘zib yuborishi mumkin.
2025 yilning yanvaridan O‘zbekiston BRICS’ga hamkor davlatga aylanishini Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi. Ayni paytda Respublika parallel ravishda YeIIda kuzatuvchi maqomiga ega, JSTga a’zolik uchun harakat qilmoqda. BRICS bu – ko‘p qutbli dunyoga ishonadigan va intiladigan davlatlar guruhi. Asosan, tashkilotda AQSh gegemonligiga qarshi bo‘lgan davlatlar yig‘ilgan. BRICS 2006 yil tuzilgandan beri 17 yillik muddatdan so‘ng ko‘paymoqda. Hindiston ham geosiyosiy kontekstdan kelib chiqib, BRICS’ning ko‘payishiga qarshi vetosini olib tashlagan. 2024 yilning 1 yanvaridan 6 davlat BRICS’ga a’zo bo‘lishi kerak edi, biroq ulardan 4 tasigina hozircha buni to‘liq yakunlagan. Saudiya Arabistoni va Argentina a’zolikka shoshilmayapti, lekin sammitlarda faol. 2025 yildan esa 13 davlat tashkilotga hamkor bo‘lmoqda. Ulardan 9 tasi allaqachon rozilik bildirgan, bular ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor. To‘rt davlatdan esa rozilik xati kutilmoqda. Masalaning tahlil qilinishi lozim bo‘lgan tomonlari ko‘p.
Birinchidan, O‘zbekistonning hamkor bo‘layotganini na rasmiy Toshkent, na tashkilot ofisi e’lon qildi. Xuddi YeIIdagi kuzatuvchilik maqomi singari buni ham Kreml e’lon qilmoqda.
Ikkinchidan, bu tashkilotning asosiy qadriyati ko‘p qutbli dunyo sari harakat va AQSh, xususan, dollar gegemoniyasiga qarshi alyansni yaratish. O‘zbekiston AQSh bilan strategik sherik ekan, unga qarshi kayfiyat ustun bo‘lgan tashkilot bilan hamkorlik qilishi qanchalik to‘g‘ri?
Uchinchidan, O‘zbekiston a’zo emas, hamkor davlat bo‘lmoqda. Lekin Respublikaning ishtiroki a’zo davlatlarniki bilan deyarli bir xil bo‘ladi. Prezidentlar, tashqi ishlar vazirlari va boshqa sammitlarda O‘zbekiston doimiy taklif qilib boriladi. Bu esa o‘z navbatida BRICS’ga dushmandorlik kayfiyatida bo‘lgan g‘arb davlatlariga unchalik ham yoqmasa kerak. Xususan, AQShning saylangan prezidenti BRICS va uning dollarni sindirishga bo‘lgan harakatlarini yoqtirmaydi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston JSTga a’zolik uchun harakat qilmoqda. Iqtisodiy va siyosiy jihatdan gegemon bo‘lgan davlatlar Toshkentning bu tashabbusini qo‘llaydigan bo‘ldi. Yer sharidagi 166 davlat a’zo bu tuzilma O‘zbekiston iqtisodi va savdosi uchun ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. 31 davlat O‘zbekistonning a’zoligi uchun alohida muzokaralar o‘tkazishini bildirgan. Shunday sharoitda YeII ortidan BRICS’ning ham paydo bo‘lishi a’zolikni yana ortga surishi ehtimoldan yiroq emas.
Kun.uz bilan suhbatlashgan siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, O‘zbekiston BRICS’ga hamkor bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham hech nima yo‘qotmaydi.
“Rossiyaning manfaatlariga javob beruvchi ko‘p tomonlama platforma kerak edi. BRICS’ning kattalashuvidan ham eng ko‘p Rossiya manfaatdor. Oxirgi yillarda Rossiya rasmiylari tilidan “kollektiv g‘arb” jumlasi tushmayapti. Ular o‘zi bilmagan holda g‘arb foydasiga gapirdi, ya’ni g‘arb yakkalanmagan. Ulardan farqli o‘laroq Moskva yolg‘iz ko‘rinmasligi uchun Rossiyaga ham kollektiv kerak bo‘lib qoldi. BRICS’ga a’zo davlatlar dunyoning turli nuqtalaridan. Ularni birlashtiruvchi yagona manfaat bor-yo‘qligi – katta savol. G‘arbga qarshi BRICS'ni qo‘yish Rossiya uchun befoyda bo‘ladi, chunki faqat Rossiya urush holatida, qolganlar emas”, – Farhod Tolipov.
BRICS'ga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan davlatlar AQSh guruhidan bo‘lmasligi, AQShga qarshi mustaqil o‘yinlar qila olishi kerak. Lekin tashkilotning bugungi a’zolarining hammasi ham Vashington bilan raqobatchi yoki dushman emas. Xususan, Hindiston, Misr yoki a’zo bo‘lishi aytilayotgan Saudiya Arabistoni, Argentina AQSh bilan juda yaxshi aloqalariga ega. O‘zbekistonga qaytsak, a’zo va hamkor davlat statusi nimasi bilan farq qilishini aniqlab olish kerak.
Markaziy Osiyo universitetining xalqaro savdo bo‘yicha eksperti Valijon To‘raqulov O‘zbekistonning BRICS bilan hamkorligini iqtisodiy imkoniyat sifatida ham ko‘rmoqda.
“Hamkor bo‘lish – tashkilotni tashqaridan kuzatish va kerak bo‘lsa, muhim qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ham ega bo‘lish degani. A’zolik esa BRICS'ning qonun-qoidalari, shartnomalarida belgilangan normalarni to‘liq qabul qilish degani. Lekin hamkorlik ham to‘satdan paydo bo‘ldi. Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonni tushunsa bo‘ladi, Rossiya bosimi ortidan ular hamkor bo‘layotgandir. Lekin Indoneziya va Malayziya kabi katta iqtisodlar ham bor. AQSh dunyodagi gegemoniyasini yo‘qotish ostonasida turibdi, shuning uchun Vashington agressiv harakat qilmoqda. Tramp BRICS dollarga qarshi valuta chiqarsa va SWIFT to‘lov tizimiga parallel platforma yaratsa, a’zolarga 100 foizli tarif e’lon qilishini aytgan. Ya’ni Vashington bu tuzilmaga agressiv qarar ekan, O‘zbekiston ham hamkor bo‘lsa, shu tashkilot tomonida bo‘lib ko‘rinadi. Bu esa JSTga a’zolik masalasini yana kechiktirishi mumkin” – Valijon To‘raqulov.
Moliya eksperti Tamilla Qurbonova fikricha, BRICS va JST ikki xil tashkilot. BRICS o‘zining iqtisodiy prioritetlaridan oshib o‘tib, geosiyosiy tashkilotga aylandi. Asosiy maqsad g‘arbga qarshi koalitsiyani yaratish bo‘lmoqda.
“Ukraina urushidan keyin sanksiyalar ostida qolib ketgan Rossiya g‘arbga qarshi alyans tuzishga intilmoqda. O‘zbekistonning BRICS'ga kirishi yomon emas, lekin a’zolikning eng quyi pog‘onasida tursa, yaxshiroq. Chunki bu tashkilotdagilar bilan ikki tomonlama kelishuv va hujjatlar allaqachon bor. Bu juda nozik masala, O‘zbekiston muvozanatli diplomatiyani olib borishi kerak. Agar BRICS'ga yaqinlashib ketsak, g‘arbning ko‘ziga yana Rossiya tomonda bo‘lib ko‘rinamiz”, – Tamilla Qurbonova.
Siyosatshunos Tolipovga ko‘ra, tashkilotga kuzatuvchi, hamkor bo‘lish – hammasi soxta atamalar. O‘zbekiston agar BRICS' ga hamkor bo‘lmasa, nimalarni yo‘qotadi, degan savolni berish o‘rinli bo‘ladi. AQShga qarshi g‘oyaga O‘zbekiston qo‘shiladimi? O‘zbekiston 2002 yildan beri Vashington bilan strategik sherik, AQShga qarshi guruhga qo‘shilish – Respublika tashqi siyosatiga dog‘ tushiradi, deydi ekspert.
BRICS'ga hamkor bo‘lish ijobiy tomoni esa – yana bir global muloqot maydoni uchun platforma vazifasini o‘taydi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:10 / 28.12.2024
Putin «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish imkonini beradigan qonunni imzoladi
18:30 / 28.12.2024
Putin AZAL samolyotiga «Rossiya havo hududida fizik va texnik ta’sir bo‘lgani uchun uzr so‘radi» – Ozarboyjon prezidenti sayti
17:58 / 28.12.2024
Putin samolyot halokati yuzasidan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi
17:32 / 28.12.2024