O‘zbekiston | 11:15 / 28.12.2024
1907
5 daqiqa o‘qiladi

Konlardagi portlatishni kuzatish, pulli asosda o‘q otish va davlat tashkilotlari binolariga tashrif – O‘zbekistonda turizmning yangi yo‘nalishlari tayyorlanmoqda

2025 yildan O‘zbekistonda ilmiy, harbiy va geologiya turizmi kabi turizmning yangi turlarini yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahalliy va xorijiy sayyohlar konlarda tog‘ jinslari portlatilishini kuzatishi, poligonda pulli asosda o‘q otishi, davlat va ilmiy tashkilotlar binolariga tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi. Kun.uz mas’ullar bilan bog‘lanib, ushbu yo‘nalishlarda tayyorgarlik qanday ketayotgani haqida ma’lumotlar yig‘di.

Foto: Dmitry Molchanov\ Shutterstock

Turizmning yangi turlarini joriy qilishga doir hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda turizmning yangi 5 ta yo‘nalishi sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy va davlat boshqaruvi turizmi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Xususan, mahalliy va xorijiy sayyohlarga Adliya vazirligi hukumat bino va inshootlariga tashrifni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi xizmatini, Mudofaa vazirligi o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlarni Geologiya vazirligi konlar va tog‘ jinslarini portlatish tadbirlariga tashrifni yo‘lga qo‘yishi lozim.

Ushbu vazifalar uchun mas’ul etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va turizm qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Mudofaa vazirligi va boshqalar belgilangan. Ushbu idoralar ikki oy muddatda ushbu tegishli idoraviy hujjatni qabul qilishi kerak edi.

Kun.uz hukumat qarorining bajarilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarga so‘rov yubordi.

Turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 25 noyabr kuni tashrif obektlari, ularga kirib chiqish, tashrifni tashkil etish hamda tashrif buyuruvchilarga qo‘yiladigan umumiy talablarni nazarda tutuvchi tartib ishlab chiqilib, tegishli vazirliklarga mazkur tartib ishda foydalanish va ichki tartib sifatida tasdiqlash uchun tavsiya qilingan.

Shuningdek, Turizm qo‘mitasi buyrug‘iga asosan, turizm qo‘mitasining ma’muriy binosi, «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashrif buyuruvchilarni qabul qiluvchi davlat boshqaruvi hamda ilmiy turizm yo‘nalishidagi obektlar sifatida belgilandi.

Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, boshqa vazirlik va idoralarda qaror ijrosi yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

  • Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Olmaliq KMK» AJ, «Kitob milliy tabiat bog‘i» obektlari turistlarni qabul qiluvchi obekt sifatida belgilandi;
  • Fanlar akademiyasi tomonidan «Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti», «Xorazm Ma’mun akademiyasi», «O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi», «Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti «Arxeologiya muzeyi», «Toshkent Botanika bog‘i», Parkentdagi «Katta Quyosh Qurilmasi» obekti ilmiy turizm obekti sifatida belgilandi;
  • Mudofaa vazirligi huzuridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi «Shon-Sharaf» davlat muzeyi hamda Qurolli kuchlar davlat muzeyida sayyohlar uchun shart-sharoitlar yaratildi;
  • Adliya vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Boshqaruv hamda sanoat turizm yo‘nalishlari bo‘yicha 50 ga yaqin obektlar ro‘yxati shakllantirildi hamda ularga kirib chiqish tartibi belgiladi. Ushbu tashrif obektlariga 2025 yildan boshlab sayyohlarni qabul qilish va ekskursiya tashkil qilish mumkin bo‘ladi. Bunda tashrif buyuruvchilar murojaati asosida hafta ish kunlari oralig‘ida murojaat qilishlari hamda ularga tashrif imkoniyatidan kelib chiqib qo‘shimcha qulayliklar (Wi-Fi, avtoturargoh, sanitar-gigiyenik shoxobcha, pandus va boshqalar), turizm yo‘nalishida materiallar taqdim qilish bepul amalga oshiriladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Qashqadaryodagi «Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i»ga kirish va chiqish tartibi belgilandi. Turizm yo‘nalishlari, yotoqxona, oshxona xizmatlari, yo‘lboshchi yordami va boshqa pulli va bepul xizmatlar joriy etilishi rejalashtirilgan. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, yoshi ulug‘lar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa imtiyozli toifalar uchun bepul xizmatlar nazarda tutilgan.

Shuningdek, Navoiy viloyatidagi «Muruntau» koni, Toshkent viloyatidagi «Qalmoqir» koni bo‘yicha xavfsizlik va sanitariya-gigiyena qoidalari, tashrif tartibi va xizmat ko‘rsatish tizimi belgilab berildi.

Mudofaa vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, harbiy turizmni rivojlantirish uchun vazirlikning Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida «Stendli otish» va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. «Belgilangan vaqtda ushbu majmua o‘z faoliyatini boshlashi ko‘zda tutilmoqda».

Adliya vazirligi hukumat qarorida belgilangan o‘z vazifalarining amalga oshirilishi yuzasidan Kun.uz so‘roviga 10 kundan ortiq muddatda ham javob bermadi.

Mavzuga oid