Jahon | 12:14 / 29.12.2024
30028
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina ilk bor KXDR askarini asirga oldi

U olingan jarohatlardan vafot etgan.

Foto: strana.ua

Ukraina kuchlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etish uchun yuborilgan shimoliy koreyalik asir yarador holda asir olingan, bu haqda Janubiy Koreya razvedkasi xabar bergan. Keyinroq asir vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

«Do‘stona mamlakatning razvedka tashkiloti bilan real vaqt rejimida ma’lumotlar almashinuvi tufayli shimoliy koreyalik yarador askar qo‘lga olingani tasdiqlandi», deyiladi Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati (NIS)dan iqtibos keltirgan AFP xabarida.

Keyinroq Yonhap agentligi razvedka idorasiga asoslangan holda tirik holda asir olingan shimoliy koreyalik askar jarohatlardan vafot etganini ma’lum qildi.

Bu KXDR hukumati Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda yordam uchun yuborgan shimoliy koreyalik harbiy asir olinishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.

Seulning bu ma’lumoti telegram-kanallarda yarador askar aks etgani aytilgan foto tarqalishi ortidan berildi. Bu surat tarqalganidan keyin Ukraina tomoni bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermayotgandi.

AFP agentligining Janubiy Koreya razvedkasidagi manbasi yarador harbiy chindan ham Ukraina armiyasi tomonidan asir olinganini tasdiqlagan, ammo bu aynan qayerda ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan.

Ukrainaning Militarnyi nashriga ko‘ra, asirga olish Rossiyaning Kursk oblastida sodir bo‘lgan.

Kiyev va Seul ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga yordam uchun 10 ming harbiy yuborgan, Moskva va Pxenyan va bu askarlar urushda qatnayotganini tasdiqlamagan va rad etmagan ham.

«Ukrainlar uchun Shimoliy Koreya askarlarini asir olib, ularni rossiyaliklar qo‘lidagi ukrain harbiy asirlariga almashtirishga urinish foydaliroq bo‘ladi», — degan BBC bilan suhbatda Seuldagi Asan siyosiy tadqiqotlar instituti tahlilchisi Yan Uk.

Rossiya-Ukraina urushida olingan oxirgi kadrlar «Shimoliy Koreyaning katta qo‘shini joylashtirilishi» haqidagi taxminlarni tasdiqlagandi, deydi ekspert. Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, «ular Shimoliy Koreya fuqarolari ekanini tasdiqlash qiyin bo‘ladi».

Ukraina kuchlari shimoliy koreyalik askarlarga Rossiyaning shaxsni tasdiqlovchi soxta hujjatlari berilayotganini ma’lum qilgan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa o‘tgan haftada rossiyalik askarlar shaxsini yashirish uchun KXDRning halok bo‘lgan harbiylarining yuzini yoqib yuborayotgani haqida kadrlarni namoyish etgandi.

Ukraina va Janubiy Koreya razvedka xizmatlari ma’lum qilishicha, Rossiyaga yuborilayotgan harbiylarning ko‘pchiligi KXDRning «Shtorm» korpusi sifatida ham tan olingan 11-korpusga mansub eng yaxshi harbiylaridir.

Zelenskiy hafta boshida Kursk oblastidagi janglar davomida o‘ldirilgan va yaralangan shimoliy koreyalik askarlar 3 mingdan oshishi haqida aytgandi.

Rossiyaning 2022 yil fevralida boshlangan bosqiniga javoban Ukraina 2024 yil 6 avgustda Kursk oblastiga bostirib kirgandi. Dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin har yilgi «jonli muloqot» chog‘ida Rossiya mazkur hududini qaysi muddatda ozod qilishi haqidagi savolga javob bermasdan, bu savolga aniq javob harbiy taktikaga to‘g‘ri kelmasligini aytgandi.

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi keskinlik avj olishi fonidagi voqealar rivoji G‘arbda xavotir uyg‘otmoqda. Azaldan har ikki tomon uchun ittifoqchi sanalgan Xitoy ham Moskva va Pxenyanning do‘stligi kuchayishini xavotir bilan kuzatmoqda.

Mavzuga oid