Geosiyosiy yil tahlili: hayqirgan Tramp va Putinning barbod bo‘lgan “SSSR-2” loyihasi
2024 yil tugayapti, lekin dunyodagi mojarolarning yakuni ko‘rinmaydi, global siyosat esa murakkab geosiyosiy dinamikalar va strategik o‘zgarishlar jarayoniga kirib boryapti.
Bir necha yillar avval Shimoliy Koreyaning yadro sinovlari dunyoni hushyor tortishga undagan bo‘lsa, bugungi kunda Rossiya yadro ritorikasi markaziga aylanib qoldi, achinarlisi global hamjamiyat ham bunga ko‘nikma hosil qilayotgandek. Ha, nazariy jihatdan dunyoda yadro urushi xavfi odatiy holga aylandi.
Donald Trampning katta siyosatga hayqirib qaytishi, Rossiya-Ukraina urushi, Yaqin Sharqning kuli ko‘kka sovurilishi, xattoki davlatchilik xaritalarni qaytadan chizishi haqidagi sovuq bayonotlar ham yangray boshladi.
Kun.uz “Geosiyosat”da xalqaro hamjamiyatda sodir bo‘lgan yil davomidagi eng muhim siyosiy voqeliklarni tahlil qilish uchun sohaning bir qancha mutaxascislariga yuzlandi.
Rossiya-Ukraina urushining yakuni yaqinmi, 2025 yilda qanday holatdagi hotimani kutish mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya urushni hozirgi nuqtada tugatishdan manfaatdor emas, chunki Kurskning asosiy qismi hali ham Ukraina nazorati ostida. Putinning maqsadi Ukrainani to‘liq kuchsizlantirish va kelajakda NATOga kirish salohiyatini to‘liq yo‘q qilish, lekin Ukraina qolgan hududlari bilan ham alyansga kirish imkoniyatini saqlab qoladi, bundan esa Rossiya manfaatdor emas. Shuning uchun Putin muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini, biroq Ukrainada saylov o‘tkazilmagani sabab Zelenskiyni qonuniy prezident emas deyapti, bu bilan vaqtdan yutish va ko‘proq hududlarni bosib olishga intilyapti.
Farhod Tolipov: Bu urushning yakuni borasida bosqin boshlangan yili ham gapirildi, urush davom etar ekan, har ikki tomon katta talafot ko‘ryapti. Balki Tramp sabab kelasi yildan muzokaralar boshlanar, Lekin bu masala to‘liq Trampga ham bog‘liq emas, e’tibor berilsa, bu urush Ikkinchi jahon urushi davomiyligiga yaqinlashyapti.
Shuhrat Rasul: Fikrimcha, katta ehtimol bilan 2025 yilning birinchi yarmida urushning qaynoq fazasi yakunlansa kerak. Chunki Rossiya iqtisodiyoti ahvoli ham urushni muzlatishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yaqin Sharqdagi inqirozlar yakunlanadimi yoki mintaqada yangi olov o‘choqlari portlaydimi?
Ramin Sodiq: Isroil hukumatining bergan bayonotlariga qaraladigan bo‘lsa, Isroil Livandagi rejalashtirgan va maqsad qilgan ishlariga erishgan. Isroil ayni paytda olib borayotgan siyosati bilan Eronning va Eron tashqarisidagi guruhlarining kuchini zaiflashtirish maqsadida siyosat olib borayotgani ma’lum bo‘ldi va shu shaklda siyosat olib bormoqda. Netanyahu hukumati Eron tashqarisida, lekin Eron ta’siri ostida bo‘lgan kuchlarni holsizlantirish uchun jiddiy bir shaklda faollik olib bormoqda. Isroil, HAMAS, G‘azo va Livandan keyin, ya’ni HAMAS va “Hizbulloh”ning ta’sirini sindirganidan keyin, Isroilning keyingi paytlarda Yamandagi husiylarga qarshi olib borayotgan og‘ir bir shakldagi bombardimonlarini ko‘rishimiz mumkin bo‘lyapti. Bunga qarshi husiylar ham Isroilning muhim strategik markazlarini hujumga tutmoqda.
Isroil hukumati husiylarga qarshi olib boradigan hujum ehtimollarining signallarini ham bera boshladi. Tabiiyki, husiylar eronning Yamandagi bir tarmog‘i kabi ko‘rinish berisharkan, vaqti-vaqti bilan bu hududda Eronning proksi kuchlaridek ta’sir ko‘rsatishadi. Men bu bo‘layotgan harakatlardan kelib chiqib, o‘z fikrimni aytmoqchimanki, bundan keyin katta ehtimol bilan Yaman mavzusi eng ko‘p gapiriladigan mavzulardan biri bo‘ladi. Isroilning Yamanga qilayotgan hujumlari dunyo matbuotining eng boshda keladigan dolzarb sarlavhalariga aylanadi. Isroil o‘z navbatida husiylarning ham kuch ta’sirini kesish uchun harakat qiladi. Negaki, husiylar ayni paytda Isroilga hujum qilishi mumkin bo‘lgan kuchlardan biridir. Isroil eng kamida husiylarni raketalar bilan ularga hujum qila olmaydigan holga keltiradi degan fikrdaman.
Isroilning harakatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, u Yamandan keyin Iroq hududida o‘z faolligini boshlaydi. Negaki, bu hududda ham eronning ta’siri kuchli ekanini ko‘rmoqdamiz.
Ayniqsa, 2003 yil Iroq ishg‘olidan keyin Eron bu hududda harbiy unsurlarining bir parchasi o‘laroq, Hashdi Shabiy va bunga o‘xshagan guruhlar ustida ta’sir kuchiga ega bo‘lgan edi. Boshqa tomondan esa Eronning Iroq hukumatiga bo‘lgan ta’siri ham salmoqli ekanini aytib o‘tishimiz kerak. Shu sababli, Isroilning Yamandan keyin, Iroq hududiga bo‘ladigan harakatlari taxmin qilinishi mumkin. Albatta, Isroilning bunday harakati Iroq va Iroq hukumati tomonidan qanday qarshilikka uchraydi, buni hozirdan aytish qiyin.
Lekin shuni aytish mumkinki, Yaqin Sharqda yana bir muddat urush olovlanishi, qurol ovozlarining eshitilib turishi, Isroilning HAMAS va “Hizbulloh”ni holsizlantirgandan keyin Eronning Yaqin Sharqdagi kuchlarini sindirish uchun juda faol harakat olib borishini aytish unchalik qiyin emas. Zotan, AQShda prezident Tramp o‘z kursisiga o‘tirguncha Isroil husiylar ustidan tamoman nazorat o‘rnatish uchun faolligini to‘xtatmaydi. Lekin Trampning o‘z vazifasiga kirishishi vaqtidan boshlab AQShning Eronga nisbatan tig‘iz bir siyosat olib borishi hozirdanoq oydinlashmoqda. Ma’lum bo‘lgan narsa shuki, AQSh hukumati Eronning ta’sir kuchini kesish siyosatini olib borishga harakat qiladi va shunga moyil siyosat olib boradi. O‘z navbatida, AQSh hukumatining Eronga nisbatan bunday siyosati, Isroilning Eronga bo‘lgan munosabati bilan bir xil parallelda bo‘lishini anglab olish qiyin emas.
Ulug‘bek Hasanov: Yaqin Sharqdagi muammosining so‘nggi yuz yillikda sodir bo‘lgan ziddiyatlarning asosida Falastin mavzusi turadi. Falastin davlatchiligi tuzilmas ekan, mintaqada tinchlik bo‘lishi dargumon. Tarixiy Falastin chegaralari hozirgi kunda keng tarqalgan xaritalardagi chiziqlar emas, balki Suriya hududlaridagi yerlar, Urdun daryosining sharqiy va g‘arbiy qismlari, Misrning Sinay yarimoroli va Isroil egallab olgan yerlar hisoblanadi.
Farhod Karimov: Yaqin Sharq haqida biror aniq fikr aytish qiyin, Suriyada hukumat almashgani bilan hali barcha masala to‘liq hal etilmadi. Rossiya va Eron, kurdlar, Jo‘lan tepaliklari,davlatchilik tuzilmasi kabi ochiq qolayotgan savollar talaygina. Hali Falastin masalasi yana kun tartibiga chiqadi. Undan tashqari Yaman masalasi bor, bu yerda husiylardan tashqari “Al-Qoida” bo‘limlari ham mavjud. Husiylar masalasini Isroil va Saudiya Arabistoni muhokama qiladimi degan ochiq savollar mavjud.
Rossiyaning Tartusdagi harbiy bazalari Liviyaga ko‘chishi ham mumkin. Umuman olganda qudratli davlatlar hali mintaqada kelishuvga erishilmagan.
Kamoliddin Rabbimov: Yaqin Sharqdagi konfliktlar endi boshlanayotganga o‘xshaydi, chunki bir tomondan Isroil jinoyatlari va arab dunyosidagi unga nisbatan shakllanayotgan kayfiyat. Isroilning ortida AQSh turar ekan, bu yerdagi to‘qnashuvlar hali oldinda deyish mumkin.
Dunyoda AQShning gegemonligi sekin-asta pasayib boryapti, Tel-Avivga Vashingtondan keyin boshqa homiy topilmasa kerak va musulmon dunyosi bilan Isroil to‘qnashuvlari XXI asrning o‘rtalari va ikkinchi yarmida sodir bo‘lsa kerak.
Mavhumligicha qolayotgan bir savol, Eron Suriyadan nega kurashmay chiqib ketdi, endi Tehron atrofidagi geosiyosiy jarayonlar qanday shakllanadi?
Farhod Karimov: Eron bir qancha ssenariylarga tayyorlanayotganga o‘xshaydi, kelgusi yil Rossiya bilan strategik shartnomasini yangilashi ham bunga misol. Shartnomasida o‘zaro bir-birini himoya qilish bandi ham kuchaytirilishi mumkin. Tramp kelgandan keyin Yaqin Sharq mintaqasida oxiriga yetmagan loyihalarini davom ettiradi. Lekin Eron bilan yadro loyihasi borasida qanday kelishadi? Tramp Pizishkiyonga Isroilga nisbatan Eron siyosatini o‘zgartirish shartini qo‘ysa kerak, bu esa Eronning yana Xitoy va Rossiya tomon ko‘proq intilishiga olib keladi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat dinamikasi va kutilmalar qanday?
Farhod Tolipov: Ikki tomon ham keskin burilish qilmasa kerak, Trampga xos siyosat bu savdo va Xitoy mahsulotlariga nisbatan qo‘shimcha boj miqdorining kiritilishi bo‘lsa kerak.
Markaziy Osiyo kontekstidan qarasak, balki tarixda ilk bor AQSh prezidenti mintaqamizga tashrif buyurar. Shu vaqtgacha Qo‘shma Shtatlardan Markaziy Osiyoga tashrif davlat kotiblari darajasida bo‘lgan edi.
Nargiza Umarova: Dunyodagi aksariyat xitoyshunoslar fikricha Trampning yangi muddatida ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik darajasi ortishini aytishyapti.
Tramp avvalgidek Xitoyga nisbatan savdo urushini davom ettiradi va yana bir muhim masala – Tayvandan ham foydalanishi mumkin.
Ya’ni Trampning Tayvanga bo‘lgan pozitsiyasi sabab Xitoy AQShga yon berishi mumkin.
Yil davomida Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar integratsiyasi jarayonlari qanday kechdi, bunga qaysi omillar ta’sir qildi?
Musulmon Hurramov: Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoda integratsiyaning o‘zi yo‘q, maslahatlashuv uchrashuvlarini esa integratsiyaga intilish deb atashimiz mumkin.
Mintaqaning birlashuviga bizning shimol va sharqda joylashgan qo‘shnilarimiz to‘siq bo‘layotganga o‘xshaydi.
Undan tashqari Turkmanistonning doimiy neytrallik siyosati ham integratsiyaga imkon bermayapti.
Kremlning rostdan ham “SSSR-2” loyihasi bo‘lganmi, agar bu orzu mavjud bo‘lsa, amalda falajlandi deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Putin uchun SSSRning parchalanishi bu katta fojia edi. Putinning o‘zi ham SSSRning qayta tiklanishiga ishonmaydi, masalan, Boltiqbo‘yi davlatlari NATOga a’zo bo‘ldi va Rossiya bunday harbiy alyans bilan urush olib borish imkoniyati mavjud emas.
Lekin Putin imperialist sifatida SSSRni boshqacha ko‘rinishda Rossiyaning o‘z qutbini yaratishga harakat qiladi. Ukraina urushi sabab Rossiya ancha holsizlandi, lekin qaytadan o‘z salohiyatini yig‘ib olish ehtimoli mavjud.
Shuhrat Rasul: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Ukrainaning yengilmagani bu loyihani yo‘qqa chiqardi, Moskvaning NATO chegaralarini 1997 yilgi chegaralarga qaytarish maqsadi ham amalga oshmadi va qaytanga NATO yanada kengaydi.
Ko‘pgina yirik nashrlar tomonidan “Yil odami” deb topilgan Donald Tramp yana katta siyosatga qaytdi. Global hamjamiyat janob Trampdan nimalar kutishi mumkin?
Farhod Tolipov: Tramp qanchalik olamshumul bayonotlar bermasin, AQShdagi tizimlashtirilgan tiyib turish siyosati uning aytgan gaplarining barchasi ham amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin butun dunyo undan Rossiya-Ukraina urushini tugatish haqidagi va’dasini bajarishini kutadi.
Kamoliddin Rabbimov: Trampni birinchi prezidentlik davridan buyon bilamiz, uning o‘ziga xosligi – u ta’bir qilib bo‘lmas shaxs.
Tramp davrida AQSh-Xitoy tirashuvi kuchayadi, Rossiya bilan kelishuvga intiladi, lekin tirashuv davom etadi.
Trampning katta siyosatga qaytishidan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi mintaqa Yaqin Sharq bo‘ladi.
Katta davlatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirmagan bo‘lsa-da, proksi guruhlar va zamonaviy qurollar, shuningdek, kiberhamlalar orqali ziddiyatlarni yuqori darajaga olib chiqyapti.
Afrika qit’asi, Uzoq Sharq va hattoki janubiy Amerikada ham, Venesuela va Gayana kabi davlatlarda ham vaziyat sokinlik chizig‘idan siljigan. Umumiy holatda dunyo tartiboti o‘zgarish nuqtasidan qo‘zg‘algani oydinlashdi.
NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
20:10 / 21.12.2024
Putinning Kiyevda duel taklifi va G‘arb bilan muzokaraga kirishgan Jo‘laniy - geosiyosiy hafta tahlili
20:15 / 17.12.2024