O‘zbekiston | 13:06 / 30.12.2024
11456
3 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi o‘ziga qarshi suddan yashirindi. U sirtdan qamoqqa olinib, qidiruvga berildi

Suddan yashiringan Kamoliddin Murodov ushlangan taqdirda Qarshi shahridagi 5-sonli tergov hibsxonasiga etap qilinadi. Murodov mast holatda mashina boshqarib, YTH sodir qilgan hamda avtomobil ichida bo‘lgan advokat L.Abdurahmonovning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun sud qilinayotgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sobiq raisi Kamoliddin Murodovga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash va qidiruv e’lon qilish haqida ajrim chiqardi.

Hujjatda keltirilishicha, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblanayotgan Kamoliddin Murodov ogohlantirilishiga qaramay, navbatdagi sud majlisiga kelmagan. 13 dekabrda uni sudga majburiy keltirish bo‘yicha ajrim e’lon qilingan.

Kamoliddin Murodov yashash manzili – Samarqand viloyati Toyloq tumani Jalolobod mahallasidagi uyida ham yo‘qligi aniqlangan. Mahalla xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnomada Murodov “davolanayotgani sababli uyida yo‘q”ligi ma’lum qilingan.

Jinoyat ishini uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish va mazmunan hal qilish imkoniyati yo‘qligi sababli Kamoliddin Murodovga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. U topilganidan so‘ng munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, qamoqqa olinishi hamda Qarshi shahar 5-tergov hibsxonasiga etap qilinishi belgilangan. Sobiq sud raisi topilgunga qadar unga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan.

Sobiq sud raisi joriy yil 9 mart kuni advokat tanishi bilan YTHga uchragan. Buning oqibatida advokat og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Kun.uz ixtiyoridagi hujjatda keltirilishicha, Kamoliddin Murodov aybiga umuman iqrorlik bildirmagan hamda mashina boshqaruvida o‘zi bo‘lganini rad qilgan. Ammo sud-biologik ekspertizasi rulda u bo‘lganini tasdiqlagan.

Kamoliddin Murodov va ukam bir-birlari bilan yaxshi tanish edi. Voqea sodir bo‘lgan kuni sud raisi o‘z xizmat mashinasida ukamning uyiga kelgan. Keyin ular ukamga tegishli Lacetti mashinasida qayergadir chiqib ketishgan.

Ortga qaytishda mashina yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Buning oqibatida ukam halok bo‘ldi. Guvohlarning aytishicha, YTH paytida mashina rulida sudya bo‘lgan, advokat ukam esa old yo‘lovchi o‘rindig‘i tomondan tashqariga otilib chiqib ketgan. Albatta, rulda kim bo‘lganligi tergov jarayonida aniqlanadi. Biz haqiqat qaror topishi tarafdorimiz. Sababi, ukamning to‘rt farzandi yetim qoldi”, degandi oldinroq marhum advokatning Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan opasi.

Kamoliddin Murodov 2021 yil aprel oyida 5 yil muddatga jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sud raisi lavozimiga tayinlangan va 2024 yil 15 mayga qadar ushbu lavozimda ishlagan. Uning vakolatlari o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha muddatidan oldin tugatilgan.

Mavzuga oid