«Rossiya - muhim mamlakat». Suriyaning yangi rahbari Moskva bilan munosabatlar va saylovlar haqida gapirdi
Suriyaning yangi rahbari Ahmad al-Shar’a Rossiya bilan munosabatlarni butunlay buzmoqchi emasligini aytdi va mamlakatda to‘rt yil ichida saylovlar o‘tkazishga va’da berdi. U shuningdek «Hay’at Tahrir ash-Shom» qurolli guruhini tarqatib yuborish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Hsh shu vaqtga qadar ko‘plab mamlakatlarda, jumladan AQSh va Rossiyada terrorchilik tashkiloti sifatida rasman taqiqlangan. Aynan shu harakat Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi ag‘darilishi bilan yakunlangan harbiy harakatlarga boshchilik qilgandi.
Moskva Asadning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan, u ko‘p yillar mobaynida aynan Suriya shaharlari va isyonchilar bo‘ylab zarbalar yo‘llab kelgan Rossiya armiyasi ko‘magi tufayli hokimiyatda qolgandi. Suriyada Rossiya harbiy bazalari joylashgan va isyonchi kuchlar Damashqni egallaganida, Asad aynan Rossiyaga qochgandi — RF armiyasi yordamida.
Yaqinda BBC muxbiri, Suriyada bo‘lgan Grigor Atanesyan xabar berganidek al-Shar’a rahbarligidagi yangi hukumat Moskva bilan muzokaralarga kirishgan va Rossiya kuchlari zudlik bilan olib ketilishini talab qilmaydi.
«Rossiya — muhim Mamlakat va dunyodagi ikkinchi qudratli kuch deb hisoblanadi. Bu muhim ahamiyatga ega», — degan al-Shar’a Saudiyadagi Al Arabiya davlat telekanaliga bergan intervyusida. Suriya yetakchisi Rossiya va Suriyani umumiy strategik manfaatlar bog‘lab turishini qo‘shimcha qilgan.
«Suriyaning barcha qurollari Rossiyadan keltirilgan va ko‘plab elektr stansiyalar rossiyalik mutaxassislar tomonidan boshqariladi. Biz ko‘pchilik xohlagani kabi Rossiya Suriyani o‘zaro munosabatlarimizga putur yetkazadigan tarzda tark etishini istamaymiz», — degan al-Shar’a.
Yakshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov RIA Novosti davlat agentligiga bergan intervyusida Rossiya bazalari taqdiri Suriyadagi yangi hukumat bilan muzokaralar predmeti bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
«Gap nafaqat bazalarimiz yoki tayanch punktlarimizni saqlab qolish haqida, balki ularning faoliyat yuritishi, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’minot yetkazib turish, mahalliy tomon bilan o‘zaro hamkorlik qilish shartlari haqida ham boradi», — degan Lavrov bo‘lg‘usi muzokaralar haqida.
AQSh, BMT, Tehron va Ar-Riyodga murojaatlar
Al-Shar’a AQShning Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyati Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishiga umid bildirdi. «Umid qilamizki, Trampning yangi ma’muriyati o‘zidan oldingi rahbarining siyosatiga amal qilmaydi», — dedi u.
U BMTni Suriyadagi harakatsizligi uchun ham tanqid qildi. «Birlashgan Millatlar Tashkiloti hattoki bir mahbusning ozod etilishini ta’minlay olmadi yoki bir qochqinning qaytishiga yordam bera olmadi», — dedi u.
Eron bo‘yicha, al-Shar’a Tehronni qo‘shnilarining ishlariga aralashish bo‘yicha mintaqaviy siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi va Hsh kuchlari Asad armiyasiga qarshi hujum paytida Eron pozitsiyalariga hujum qilishdan ehtiyot bo‘lganini ta’kidladi.
«Saudiya Arabistoni Suriya kelajagida muhim rol o‘ynaydi va men u biz uchun qilgan barcha ishlaridan faxrlanaman», — dedi al-Shar’a. U bolaligini Ar-Riyodda o‘tkazgani va yana shaharga borishga umid qilayotganini aytib o‘tdi.
Saylovlar, konstitutsiya va Hsh tarqatib yuborilishi
Hshning o‘tmishda Abu Muhammad al-Jo‘laniy sifatida tanilgan, ammo endilikda bu taxallusidan voz kechgan rahbari hokimiyatga kelganidan buyon ilk bor Suriyada qachon saylovlar o‘tkazilishi mumkinligi haqida gapirdi.
«Saylov jarayoni to‘rt yil vaqt olishi mumkin», — deya taklif qilgan mamlakat rahbari buni ovoz berishni tashkillashtirish uchun hali yuridik tizimni tiklash hamda Suriya aholisini to‘liq qayta sanoqdan o‘tkazish lozimligi bilan izohlagan.
Al-Shar’a mamlakatning yangi konstitutsiyasini tayyorlash va qabul qilsh uch yilgacha vaqt olishi mumkinligi, yangi hukumatning davlat institutlari faoliyatini sezilarli darajada yaxshilash uchun taxminan bir yil kerak bo‘lishini ham aytgan.
Al-Shar’aning so‘zlariga ko‘ra, uning boshchiligidagi guruh yaqin vaqtlar ichida o‘tkaziladigan Milliy muloqot konferensiyasida «tarqatib yuboriladi», konferensiyada Suriya jamiyatidagi turli seksiyalar bilan muloqot boshlanishi ko‘zda tutilgan. Guruh yetakchisi bu aynan nimani anglatishi va guruhni tarqatish jarayoni qanday kechishiga aniqlik kiritmagan.
Hsh muqaddam jahonning ko‘p mamlakatlari terrorchilik tashkilotlari sifatida e’lon qilgan IShID va «Al-Qoida» bilan aloqador bo‘lgan. Ammo keyinroq al-Shar’a rahbarligidagi qurolli harakat ular bilan aloqalarni uzganini, mamlakatdagi diniy va etnik ozchiliklar huquqlarini ta’minlashi hamda mo‘’tadil mafkuraga rioya etishini e’lon qilgan.
BBC’ning Yaqin Sharqdagi sharhlovchisi xabar berishicha, Suriyadagi konferensiyaga kelish uchun turli siyosatchilar hamda mamlakatdagi turli jamoalar hamda fuqarolik jamiyatlari vakillari, jumladan, ayollar huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi faollarga ham taklifnomalar yuborilgan.
Konferensiya Suriyaning yangi hukumati haqiqatan ham mamlakatni birlashtirish bo‘yicha o‘z va’dalarini bajarish niyatida ekanini tekshirish uchun birinchi imkoniyat bo‘ladi.
Hsh Suriyadagi yangi o‘tish hukumatini faqat o‘z vakillaridan tuzgan, shu tufayli ayrimlar kabinetdan boshqa fraksiyalar vakillari o‘rin olmagani tufayli tanqidiy fikrlar bildirgan. Bu tanqidlarga javoban al-Shar’a hukumatning faqat asosiy a’zolarini tayinlagani hamda kimnidir diskriminatsiya qilmoqchi emasligini aytgan.
Suriya aholisi ko‘plab etnik va diniy guruhlardan tarkib topgan, jumladan, kurdlar, armanlar, ossuriyaliklar, xristianlar, druzlar, shia alaviylar va sunniy arablar. Ro‘yxatdagi oxirgisi mamlakatdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.
Al Arabiya uchun intervyuda al-Shar’a mamlakat shimolidagi kurdlar ham Suriya milliy armiyasining bir qismi bo‘lishiga va’da bergan.
U o‘tish davri ma’muriyati AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlari (SDF) bilan mamlakat shimoli-sharqidagi inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi. Natijada SDF milliy qurolli kuchlar tarkibiga qo‘shilishi kerak. U kurdlar Suriya tuzilmasining ajralmas qismi ekanini tasdiqlab, bo‘linish bo‘yicha har qanday rejalarni rad etdi.
«Suriya bo‘linib ketmaydi. Qurol faqat davlatning qo‘lida bo‘lishi lozim. Biz qurollangan va harbiy malakaga ega bo‘lgan har qanday kishini mudofaa vazirligiga qo‘shilish uchun kutib qolamiz», — degan u.
Suriyada minglab odamlarni o‘limga hukm qilgan sudya hibsga olindi
Bu vaqtda, ofisi Britaniyada joylashgan Suriyada inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) Suriyaning yangi hukumati sobiq harbiy sudya Muhammad Kanjo Hasanni hibsga olgani haqida xabar berdi, u prezident Bashar Asad tuzumi ostidagi mashhur Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslarga o‘lim hukmini chiqargan.
Muhammad Kanjo Hasan o‘z atrofidagi 20 kishi bilan birga Asad klanining tayanch nuqtasi hisoblangan Tartus viloyatida qo‘lga olingan. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, Kanjo Hasan Sednaya qamoqxonasi mahbuslariga minglab hukmlarni, jumladan o‘lim jazosini ham chiqargan.
Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar uyushmasi (ADMSP) hammuassisi Diab Serriyaning aytishicha, Muhammad Kanjo Hasan 2011 yildan 2014 yilgacha, Suriyadagi fuqarolar urushining dastlabki uch yilida Suriya harbiy dala sudini boshqargan. Keyinchalik u butun Suriya bo‘yicha harbiy adliya boshlig‘i lavozimiga ko‘tarildi. Serriyaning ta’kidlashicha, Kanjo Hassan «minglab odamlarni» o‘limga hukm qilgan, ko‘pincha «sudlar bir necha daqiqa davom etgan».
So‘nggi hafta davomida Suriyada Asad rejimi bilan yaqin aloqalarda bo‘lgani gumonlangan 300 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Qo‘lga olinganlar orasida chaquv yozib beradiganlar, hukumat ta’siridagi qurolli tuzilmalar jangchilari hamda sobiq harbiy xizmatchilar borligi aytilgan. SOHR ma’lumotiga ko‘ra, bu hibslar «mahalliy aholi ko‘magida» amalga oshirilgan.
Mavzuga oid
15:41
OAV: Isroil Suriyadagi harbiy markazga hujum qilganini tasdiqladi
12:49
«Terrorchilarga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan Rossiya bizni o‘ldirdi» - Rossiyaning Asadga tayanishi oqibatlari
16:50 / 01.01.2025
Suriya adliya vaziri: Jinoyatga aloqadorlarning barchasi mustaqil sud oldida javob beradi
16:33 / 01.01.2025