Jahon | 10:54 / 02.01.2025
955
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Yaponiya bilan strategik hamkorlikni boshlayapti

Yevropa Ittifoqi va Yaponiya o‘rtasida 2018 yilda imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Tomonlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan yaqinroq hamkorlik qiladi, terrorizmga qarshi birgalikda kurashadi.

Foto: AP

1 yanvar, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi kengashi. Ushbu hujjat 2018 yil iyul oyida Tokioda imzolangan va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya jarayoni 2024 yil aprelida yakunlangan.

Hujjat «tomonlarning kelgusidagi o‘zaro hamkorligini belgilab beradi va bir qator ikki tomonlama, mintaqaviy va ko‘p tomonlama masalalar bo‘yicha yaqinroq siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlaydi», deyiladi Yevropa kengashi bayonotida. Bu masalalar, jumladan, terrorizm va og‘ir xalqaro jinoyatlarga, shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga qarshi kurashni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, kelishuv YeI va Yaponiyaga koinot, energetika, transport, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar kabi sohalarda hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi.

«Bundan buyon tomonlar qonun ustuvorligi, demokratiya, inson huquqlarini hurmat qilish, shuningdek, ochiq bozorlar, erkin va adolatli savdoni o‘z ichiga olgan umumiy qadriyatlar va tamoyillarni himoya qilish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi», — deyiladi press-relizda.

2018 yilning iyul oyida Tokio va Bryussel ham keyingi yilning 1 fevralidan kuchga kirgan erkin savdo shartnomasini imzoladi.

Germaniya va Yaponiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

2023 yil mart oyida Germaniya kansleri Olaf Shols Yaponiyaga tashrif buyurib, mamlakat bosh vaziri Fumio Kisida bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Germaniya hukumati rahbari Berlin va Tokio iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi muhim sohalarda kuchli iqtisodiy qaramlik mavjud bo‘lganda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni ko‘rsatdi. Bunga javob hamkorlikni kuchaytirish va yangi hamkorlar topish bo‘lishi kerak», dedi Germaniya kansleri.

Sholsga Yaponiyaga safarida vazirlar mahkamasining bir qancha a’zolari, jumladan, Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek, moliya vaziri Kristian Lindner va mudofaa vaziri Boris Pistorius hamrohlik qildi. Ular Yaponiya hukumati a’zolari bilan Hind-Tinch okeani mintaqasida muhim infratuzilmani, savdo yo‘llari va ta’minot zanjirlarini himoya qilish, energiya xavfsizligi, kiberxavfsizlik va harbiy hamkorlikni o‘z ichiga olgan masalalarni muhokama qildi. «Germaniya-Yaponiya hukumatining birinchi maslahatlashuvlari ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi», — deya ishonch bildirdi Germaniya kansleri.

Germaniya va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar bungacha ham juda yaqin edi. 2022 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir yil avvalgiga nisbatan 9,6 foizga ko‘payib, 45,7 milliard yevroni tashkil etdi.

Mavzuga oid