«Palov indeksi»: O‘zbekistonda osh narxi bir yilda qanchaga oshdi?
2024 yil davomida palov narxi Andijonda 28,9 foizga, Farg‘onada 23,7 foizga, Toshkent shahrida 20,5 foizga qimmatladi. Bu – rasmiy oziq-ovqat inflatsiyasidan bir necha barobarga yuqori. Osh bahosining eng kam oshishi Sirdaryo viloyati (2,1 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,9 foiz) kuzatildi.
O‘zbekiston Statistika agentligi har oy yakunida hududlardagi osh markazlarida sotilayotgan palovning o‘rtacha narxlarini e’lon qilib boradi. Kun.uz ushbu ma’lumotlar asosida o‘zbekistonliklarning asosiy iste’molidagi milliy taomi bo‘lgan palov narxlarining o‘zgarishini o‘rgandi.
2024 yilning dekabr oyida eng qimmat palov Toshkent shahrida sotilgan – bir porsiyasi 35 744 so‘m. Keyingi o‘rinlardan Buxoro (33 717 so‘mdan) va Andijon (27 000 so‘mdan) viloyatlari joy olgan. Eng arzon osh esa Namangan viloyatida – bir porsiyasi 22 201 so‘mdan sotilgan.
2023 yilning dekabri bilan taqqoslaganda bir yil ichida palov narxi Andijonda 28,9 foizga, Farg‘onada 23,7 foizga, Toshkent shahrida 20,5 foizga qimmatlagan. Osh bahosining eng kam oshishi Sirdaryo (2,1 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (9,9 foiz) kuzatilgan.
Ma’lumot uchun, Statistika agentligi 2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi inflatsiya darajasini 9,8 foiz deb e’lon qildi. Xususan, o‘tgan yilda oziq-ovqat mahsulotlari 2,4 foizga qimmatlashgan. E’tiborli jihati, Sirdaryodan boshqa barcha hududlarda palov narxining oshishi rasmiy inflatsiyasidan yuqori bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Andijonda 3 barobar, Farg‘ona va Toshkentda esa 2 barobardan balandroq shakllangan.
Palov uchun zarur asosiy mahsulotlar narxining o‘zgarishi
Statistika organiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida suyakli mol go‘shti narxi 13,3 foizga, qo‘y go‘shti 14,6 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, guruch va guruch oqshog‘i narxi 6,3 foizga arzonlashgan.
O‘z navbatida, piyoz narxi 2,2 foizga, sabzi narxi 18,3 foizga, kungaboqar yog‘i narxi 14,6 foizga, paxta yog‘ining bahosi esa 15,3 foizga oshgan.
Mavzuga oid
16:47 / 30.12.2024
2024 yilda AQShda uysizlar soni rekord darajaga yetdi
08:45 / 24.12.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi salkam 60 mlrd dollarga yetdi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
08:10 / 10.12.2024