Jahon | 18:08 / 03.01.2025
9203
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng katta GAES ishga tushirildi

XXRning «Xebey» provinsiyasida yiliga 6,61 mlrd kW·h elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir «Fennin» gidroakkumulyator elektr stansiyasi to‘liq foydalanishga topshirildi.

Foto: Xinhua

Xitoy shimolidagi Xebey provinsiyasida joylashgan «Fennin» gidroakkumulyator elektr stansiya (GAES) o‘tgan yilning oxirida to‘liq ishga tushirildi, deb xabar beradi «Sinxua» agentligi.

China National State Grid operatorining ma’lum qilishicha, «Fennin» dunyodagi GAESlar ichida eng yirigi hisoblanadi.

«Fennin»ning o‘rnatilgan quvvati 3,6 million kW·hʼga teng. U yiliga 6,61 milliard kW·h elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilda energobloklarining birinchi qismi ishga tushirilganidan beri elektr stansiyasi 8,62 milliard kW·h elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Qayd etilishicha, «Fennin» yiliga 408,8 ming tonna ko‘mir ekvivalentidagi shartli yonilg‘ini tejash va atmosferaga 1,2 million tonna karbonat angidrid gazi chiqarilishini qisqartirishga yordam beradi. «Bu mamlakatning energosamaradorlik va ekologik barqarorlik sohasidagi maqsadlarga erishishiga muhim hissa qo‘shadi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil mart oyida Toshkentda gidroenergetika forumi bo‘lib o‘tgan, unda “O‘zbekgidroenergo” mas’uli Nodirbek Akchaboyev O‘zbekistonda 4 ta gidroakkumulyator elektr stansiyalar qurilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi birinchi bunday loyihalar Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lishi, ularning umumiy quvvati 1600 MWʼni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid