Jahon | 18:50 / 05.01.2025
7085
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda temiryo‘l ko‘prigi poyezd harakati vaqtida qulab tushdi

Oregon shtatidagi Meri daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik poyezd o‘tayotganida qulab tushdi. Hodisa oqibatida karbamid ortilgan vagonlardan biri suvga tushib ketgan.

Foto: AFP

AQShda Meri daryo ustidan o‘tgan ko‘prik yuk poyezdi o‘tayotgan vaqtda qulab tushdi. KPTV telekanalining ma’lum qilishicha, karbamid ortilgan 19 ta vagondan biri suvga qulagan.

Ko‘ngilsiz hodisa Oregon shtatidagi Korvallis shahrida sodir bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan, biroq politsiya suvga vagondagi moddalar tarqalishi mumkinligi sabab aholini daryoga tushmaslikka chaqirgan.

Hozirda huquq-tartibot organlari ko‘prikning qulash sababini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlarini olib bormoqda.

Karbamid — kimyoviy birikma bo‘lib, asosan azotli o‘g‘it sifatida ishlatiladi.

Oktyabr oyida Norvegiyada yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketgandi. Hodisa mamlakatning Xemnes munitsipalitetida sodir bo‘lgan va bir necha kishiga jarohat yetgan edi.

Dekabrda esa Murmansk oblastida Kandalaksha rayonidagi Knyajaya stansiyasi yaqinida Murmansk — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 11-sonli yo‘lovchi poyezdi bilan yuk poyezdi to‘qnashib ketgandi.

Mavzuga oid