Navoiy IESdagi transformatorda yong‘in sodir bo‘ldi
Karmana tumanida joylashgan Navoiy IESning 12-transformatorida yong‘in yuzaga keldi. Uni o‘chirishga sakkizta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Navoiy IESda sodir bo‘lgan yong‘in to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 5 yanvar kuni soat 14:34 da viloyat FVB navbatchi dispetcherlik xizmatiga Karmana tumani Navoiy IES 12-transformatorda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Hodisa joyiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 14:37 da yetib borib, 14:49 da yong‘in maydoni o‘rab olingan va soat 15:14 da o‘chirilgan.
Yong‘inga FVBdan sakkizta yong‘in qutqaruv ekipaji jalb etilgan.
«Yong‘in natijasida aholi yashash xonadonlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish obektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda uzilishlar sodir bo‘lmadi. Hozirda hodisa sababi va zarari aniqlanmoqda. Jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q», — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligiga ko‘ra, yong‘in energotizimga salbiy ta’sir qilmagan. Yong‘in oqibatida to‘xtatilgan energoblok o‘rni zaxira quvvatlar hisobiga ta’minlangan. «Iste’molchilarga elektr energiyasi barqaror yetkazib berilmoqda, ayni paytda stansiya barqaror ishlayapti», — deya ta’kidlanadi xabarda.