Qozog‘istonda AZAL yo‘lovchilarini qutqarishda ishtirok etgan 19 kishiga davlat mukofotlari topshirildi
Oqtov yaqiniga qulagan Azerbaijan Airlines samolyoti yo‘lovchilarini qutqarishda ishtirok etgan qozog‘istonliklarga Qosim-Jo‘mart To‘qayevning qarori bilan orden va medallar topshirildi.
Qozog‘istonda Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokatida yo‘lovchilarni qutqarishda ishtirok etgan bir guruh favqulodda vaziyatlar va tibbiyot xodimlari, politsiyachilar, Mang‘istov hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasi va Oqtov xalqaro aeroporti ishchilariga davlat mukofotlari topshirildi.
Qayd etilishicha, Mang‘istov oblasti rahbari Nurdaulat Qilibay mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning qaroriga ko‘ra 19 kishiga davlat mukofotlari — orden va medallarni topshirgan. Shuningdek, yana 51 kishiga davlat rahbari nomidan tashakkurnomalar berildi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘ldi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot Rossiya hududida «tashqi ta’sir bo‘lgani» tufayli halokatga uchraganini ma’lum qildi. 28 dekabr kuni RF prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi hamda «Rossiya havo kengligida ro‘y bergan fojiali hodisa» uchun uzr so‘rab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
O‘z navbatida Aliyev AZAL samolyotining Oqtovdagi halokati oqibatlarini bartaraf qilishda, jabrlanganlarni qutqarishda ko‘rsatilgan yordam uchun Qozog‘iston xalqiga minnatdorlik bildirgan.
Mavzuga oid
17:44
Halokatga uchragan AZAL samolyotining «qora quti»lari tahlili yakunlandi
17:13 / 05.01.2025
Qozog‘iston O‘zbekistonga olib chiquvchi yangi temiryo‘lni 2027 yilda ishga tushirmoqchi
21:48 / 04.01.2025
To‘qayev davlat gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni ochiq tanqid qildi
21:14 / 04.01.2025