O‘zbekiston | 22:39 / 07.01.2025
3037
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 518 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan choyxona aniqlandi

Ushbu umumiy ovqatlanish maskani ma’nan eskirgan va nosoz hisoblagich o‘rnatib, yetti dona o‘choq, bir dona choy qaynatish jihozi va isitish qozonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.

Foto: Hududgazta’minot

Andijon va Namangan viloyatlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi, deb xabar beradi «Hududgazta’minot» matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, «Hududgaz Andijon» GTF komplayens nazorat tuzilmalari va «Ulug‘nortumangaz» GTB xodimlari ishtirokida Ulug‘nor tumani, «Kelajak» MFYda joylashgan «A.F.G.» MChJga qarashli umumiy ovqatlanish maskanida (choyxona) tabiiy gazdan foydalanish holati taftishdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv jarayonida iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘iga ma’nan eskirgan va nosoz hisoblagich o‘rnatib, nostandart uskunalar orqali yetti dona o‘choq, bir dona choy qaynatish jihozi va bir dona isitish qozonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan. Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilingan va 518 million so‘mlik zarar hisoblangan.

Shuningdek, Namangan shahrida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida, fuqaro A. T. ga tegishli novvoyxonada qonunbuzilish holati aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘ida tegishli loyiha texnik hujjatlarisiz va hisoblagichsiz ulanib, resursdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan. Holat bo‘yicha qonunda ko‘rsatilgan tartibda qayta hisob-kitob jarayonlari olib borilib, 628,6 million so‘mlik zarar aniqlangan.

Holatlarga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Avvalroq Samarqandda 1,33 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid