Ukrainaga Kursk oblastidagi yangi yurish nega kerak?
Ukraina qo‘shini Kursk oblastida keskin faollashuvi Rossiya armiyasining Donbassda davom etayotgan yurishi va bu hududdagi yana bir muhim shahar, Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovsk janubidagi tayanch punkti hisoblangan Kuraxovoni egallashi fonida ro‘y bermoqda. Ukraina qo‘mondonligi o‘z zaxiralarini Rossiya hujumini qaytarish uchun emas, balki butunlay boshqa yo‘nalishda hujum qilish uchun yuborish qaroriga nima sabab bo‘lishi mumkin?
So‘nggi bir necha hafta davomida Rossiyadagi harbiy pabliklar ukrain qismlari shimoliy yo‘nalishga olib o‘tilayotgani va navbatdagi yurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatishdi, bu xabarlarda yangi zarba yo‘nalishi bo‘yicha turli versiyalar ilgari surildi.
Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi odatda biror amaliyot boshlaganida axboriy sukunat rejimini kiritib, ukrain nashrlaridan bunga amal qilishni talab etadi. Ammo bu safar Ukraina bosh shtabining rasmiy xabarlarida ham sodir bo‘layotgan voqealar ko‘lamli sezilib turibdi.
«Kurskda ayni vaqtda 42 ta jangovar to‘qnashuv ro‘y berdi», — deyiladi 5 yanvar kungi hisobotda. Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda frontning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib turgan Pokrovsk yo‘nalishida, Ukraina harbiy idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, kun davomida 36 ta jangovar to‘qnashuv qayd etilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning yangi yilning ilk kunida Kursk oblastiga borishi, shuningdek, 5 yanvar kuni Rossiya mudofaa vaziri Yunus-Bek Yevkurov shoshilinch ravishda Kurskka yo‘l olishi ham e’tiborga molik.
Ayni vaqtda ukrainlar Sudjadan shimoli-sharqdagi Bolshoye Soldatskoye qishlog‘i va Berdin xutori tomon harakatlanmoqda. Ushbu aholi yashash manzillari oblast markazi va Kursk AES joylashgan Kurchatov shahriga olib boruvchi trassa bo‘yida joylashgan. Ukraina qurolli kuchlari Sudja shahridan shimoli-g‘arb va sharq tomonda ham hujumga o‘tgani xabar qilingan.
Birinchi zarbadan keyin jiddiy natijalar yo‘qligida ukrain qo‘mondonligining rejasi qanday ekani bo‘yicha xulosa qilish qiyin, ammo voqealar rivojlanishda davom etmoqda.
Amerikadagi urushlarni o‘rganish instituti (ISW) Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida taktik yutuqlarga erishayotganini yozgan.
Institut ma’lumoti 5 va 6 yanvar kunlari e’lon qilingan geolokatsiya kadrlariga asoslangan. Ular Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimoli-sharqda: Berdin janubida, undan g‘arbdagi Russkoye Porechnoyeda va undan sharqdagi Novosotnitskiyda ilgarilagan.
Tahlilchilar qayd etishicha, Rossiya mudofaa vazirligi va harbiy blogerlar Rossiya armiyasi ukrainlarning mexanizatsiyalashgan guruhlarining Berdin va Novosotnitskiy atrofidagi hujumlarini qaytargani haqida xabar qilgandi.
Bundan tashqari, institut ma’lumotiga ko‘ra, 6 yanvar kuni Rossiya kuchlai ukrainlarning Sudja shimoli-sharqida hujumga o‘tishidan Kursk oblastining boshqa qismlaridagi ukrain bo‘linmalariga hujum qilish uchun foydalangan. 5 yanvarga oid geolokatsiya xaritalari rossiyalik harbiylar Sudjadan shimoli-g‘arbda joylashgan Malaya Loknya g‘arbiga hujum qilayotganini ko‘rsatmoqda.
ISW Rossiya armiyasi, katta ehtimol bilan, 177-dengiz piyodalari polkini Zaporijjya oblasti g‘arbidan Kursk oblastiga olib o‘tganini qayd etgan. RF mudofaa vazirligi bayonotida Kursk oblastida «Kaspiy dengiz piyodalari» dronlari harakatlanayotgani aytilgan. 5 yanvarga oid geolokatsiya xaritalari ko‘rsatishicha, Ukraina qurolli kuchlari, katta ehtimol bilan, quruqlik amaliyotini qo‘llab-quvvatlash uchun Kursk oblasti ichkarisidagi nishonlarga zarbalar bermoqda.
2024 yil avgustida, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirganida, amaliyotdan ko‘zlangan maqsadlardan biri sifatida Rossiya armiyasini Donetsk oblastidagi yurishdan chalg‘itish ekani keltirilgandi. Bu vazifaga faqat qisman erishildi.
Rossiya Kursk oblastiga Ukraina hududidan kattagina qo‘shin olib ketishiga to‘g‘ri keldi, ochiq manbalarga ko‘ra — 55 ming harbiy xizmatchi Kursk frontiga jalb etilgan, ammo Donbassdagi asosiy yo‘nalishda ham hujumlar to‘xtab qolmadi. Ammo Moskve ham besh oy davomida Kursk oblasti muammosini hal etolmadi.
Ukraina qurolli kuchlarining hozirgi faollashuvi frontning mazkur uchastkasidagi mavjud nisbiy muvozanatni buzish, Kursk oblastidagi boshqa yirik aholi yashash manzillariga jiddiy tahdidlar yaratish va Rossiya qo‘mondonligini bu yo‘nalishda yanada kattaroq zaxiralarni o‘tkazishga majburlashga urinishdek ko‘rinmoqda.
Agar reja chindan ham shunday bo‘lsa va bunga erishilsa, Rossiya tomoni uchun asosiy muammo — bu zaxiralarni qayerdan olish masalasi bo‘lishi mumkin. Rossiyaning «Sever» qo‘shinlar guruhining asosiy kuchlari Xarkiv oblastidagi chegara janglari bilan band qilingan, boshqalari Bryansk va Belgorod oblastlarida ehtimoliy xavfli yo‘nalishlarda ushlab turilishi talab etiladi.
Ammo agar Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yangi yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan bo‘lsa, Ukraina qo‘mondonligi uchun ham yoqimsiz savollar tug‘ilishi mumkin, ayniqsa, Donbass hududidagi frontni barqarorlashtirishning imkoni bo‘lmayotgani hisobga olinsa.
Mavzuga oid
14:47
AQSh Ramshtaynda Ukrainaga yangi yordam paketini e’lon qiladi
08:32
«Axir u bilan yaxshi edik. Nega vaysayapti?» - Lukashenko Zelenskiyga javob qaytardi
21:50 / 07.01.2025
Ukrainadagi dezertirlik mojarosi: 155-brigada bilan nimalar bo‘lmoqda?
10:54 / 07.01.2025