Jahon | 23:03 / 07.01.2025
5339
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda ko‘chma atom soati yaratildi

Xitoylik olimlar yuqori aniqlikda ishlovchi NIM-TF3 nomli ko‘chma atom soatini yaratdi. U qiruvchi samolyotlarni aniqlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Foto: Reuters

Xitoylik olimlar «bo‘lajak urushlar xarakterini tubdan o‘zgartirib yuborishi» mumkin bo‘lgan kichik o‘lchamli atom soatini yaratdi, deb xabar beradi South China Morning Post.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, NIM-TF3 atom soatining balandligi xuddi o‘rtacha o‘lchamli muzlatkichdek — 1,5 metrga teng. Qurilmani harbiy yuk mashinasiga ortib, uzoq masofaga olib ketish mumkin. Yangi soat aniqligi soniyaning beshdan bir kvadrillion ulushidan kamroq.

Yuqori aniqlikda ishlaydigan bu kabi atom soatlar harbiy sohada bir-biridan minglab kilometr uzoqlikdagi radarlarning sinxron ishlashini ta’minlash, «ko‘rinmas» qiruvchi samolyotlarni aniqlash va kuzatishda qo‘l keladi. Shuningdek, qurilma radioelektron kurash tizimi signallarini kuchaytirishga va katta ma’lumotlar uzatilishini soddalashtirishga yordam beradi.

NIM-TF3 atom soati XXR Milliy metrologiya instituti tomonidan yaratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u professional xizmat ko‘rsatishsiz ham uzoq vaqt davomida ishlay oladi.

Mavzuga oid