Jahon | 10:39
4207
4 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp: «Urush boshlanishi – Baydenning aybi»

AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin ilk marta jurnalistlar ishtirokida brifingda qatnashdi. Trampning Floridadagi rezidensiyasida o‘tkazilgan savol-javobda bo‘lajak prezident Ukrainadagi urush, Panama kanali, Grenlandiya haqida gapirdi.

«Bayden Ukraina NATOga qo‘shilishga haqli deb gapira boshladi. Shu tariqa Rossiya NATOni o‘z chegaralarida ko‘rishi mumkinligini tushundi. Baydenning bu bayonotlari urush boshlanishiga sabab bo‘ldi», dedi Tramp. Uning fikricha, Bayden ma’muriyati Rossiyani provokatsiya qilgan. Vashingtondagilarning bunday xatti-harakatlarini ko‘rgan Kreml hujumga o‘tishga qaror qilgan. «Mening prezidentligim mojarolarga to‘la davrga to‘g‘ri kelmoqda», deb qo‘shimcha qildi respublikachi.

Urushni bir kunda tugatishga va’da bergan Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush hali yanayam yomon holatga kelishi mumkinligini aytdi. «Men prezident bo‘lsam, Rossiya hech qachon Ukrainaga bostirib kirmasdi», deb maqtandi Tramp.

Bo‘lajak prezident Putin bilan uchrashuvi haqida savolga javob berdi: «Men bu haqda aniq bir narsa deyolmayman. Lekin prezident ko‘rishgan bo‘lardi», degan respublikachi.

Qizig‘i, Tramp prezidentlikka kirishgach bir kunda urushni tugatishga va’da bergandi. Brifingda Tramp urushni olti oyda tugatishini aytgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin aftidan Tramp bu muddatda urushni tugatish haqida aytmagan. Jurnalistlar bu muddatni aytishidan avval Trampdan Putin bilan qachon gaplashasiz deb so‘ragan. «Balki sal oldinroqdir. Rossiya juda ko‘p yoshlarni yo‘qotmoqda, Ukraina ham. Bu urush umuman boshlanmasligi kerak edi», degan Tramp.

Panama kanali va Grenlandiya

Tramp oxirgi vaqtlarda Panama kanalini qaytib olishi va Grenlandiyani AQSh tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha gapirib keladi. Ko‘pchilik buni jiddiy gaplar emas deb qarashi mumkin, lekin aftidan respublikachi bu mavzularda jiddiy gapiryapti. Chunki shu kunlarda o‘g‘lini Grenlandiyaga yuborgan Tramp brifingda ham bu fikridan qaytmoqchi emasligini ta’kidladi. Jurnalistlar Trampdan bu fikringizdan qaytasizmi deb so‘rashdi.

«Yo‘q, bunaqa va’da berolmayman. Bir narsani aniq ayta olaman: bu hududlar bizga hududiy va iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak. Daniya dunyo tinch bo‘lishi uchun o‘z hududini Vashingtonga bo‘shatib berishi kerak. Xususan, Xitoy va Rossiya kemalaridan xoli tinchlik uchun», degan Tramp.

Daniya bosh vaziri Mette Fredriksen AQShni mamlakatning eng yaqin ittifoqchisi deb atadi. Shuningdek, AQSh Grenlandiyani qo‘shib olish uchun harbiy va iqtisodiy bosim o‘tkazmasligini qo‘shimcha qildi.

Tramp oxirgi vaqtlarda Kanadani AQShning 51-shtatiga aylantirish haqida ko‘p gapiryapti. Kanada bosh vazirligidan ketgan Jastin Tryudo esa buning imkoni yo‘qligini aytib chiqdi. «Buning hech qanday iloji yo‘q. Mamlakatimiz ishchilari biz yaqin hamkor ekanimizdan mamnun. Kanadaliklar kuchli insonlar, biz tahdidlardan qo‘rqmaymiz», dedi Tryudo.

Donald Trampning ittifoqchisiga aylangan milliarder Ilon Mask esa Jastin Tryudoga haqoratomuz javob berdi. «Qizaloq, sen ortiq Kanada gubernatori emassan, shu uchun sening gaping ahamiyatsiz», deb yozdi Mask.

 

Mavzuga oid