Jahon | 23:01 / 09.01.2025
3809
2 daqiqa o‘qiladi

Salome Zurabishvili hamon o‘zini Gurjiston prezidenti deb hisoblamoqda

Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvili inauguratsiyasi 29 dekabrda bo‘lib o‘tgandi. Kavelashvili Konstitutsiyada nazarda tutilgan prezidentlik qasamyodini qabul qilgan. Shundan keyin Salome Zurabishvili prezident qarorgohidan chiqib ketgandi.

Foto: DW

Gurjiston sobiq prezidenti Salome Zurabishvili oldingidek o‘zini davlat rahbari deb hisoblamoqda va mamlakatda demokratiyani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida. Bu haqda 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Mening kurashim oxirigacha davom etadi, chunki men ushbu mamlakatning prezidentiman, zimmamda katta mas’uliyat bor — mamlakatni tinchlikka eltish», — deydi u.

Zurabishvili, shuningdek, Tbilisida prezidentlik qarorgohining «davomi bo‘ladigan» yangi ofisi ochilishini e’lon qildi. «U balki Orbeliani saroyi kabi emasdir, ammo bu yerda ruh va intilish bor», — deya ta’kidlaydi u.

Zurabishvilining so‘zlariga ko‘ra, Gurjistonda hozirda kuzatilayotgan vaziyat anchadan beri yuz bermagan. Mamlakatdagi biror-bir institut tegishli tartibda faoliyat yuritmayapti. Shuningdek, u AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasiga borishini ma’lum qilgan.

Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvili inauguratsiyasi 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgandi. Kavelashvili Konstitutsiyada nazarda tutilgan prezidentlik qasamyodini qabul qilgan. Marosimga xorijiy elchilar ham, chet ellik mehmonlar ham taklif qilinmagan. Unda faqat deputatlar, hukumat a’zolari, Gurjiston pravoslav cherkovi vakillari, shuningdek, konstitutsiyaviy organlar vakillari ishtirok etgan. Shundan keyin Salome Zurabishvili prezident qarorgohidan chiqib ketgan, ammo vakolatlari tugamaganini aytgan edi.

 

Mavzuga oid