10 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Allamjonovga suiqasd ishi bo‘yicha sud, Navoiyda qamoqqa olingan quruvchi, Samarqandda qo‘lga tushgan tezkor xodim, g‘isht ishlab chiqarishda oshirilayotgan soliq stavkasi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Allamjonovga suiqasd ishi sudda ko‘rilmoqda
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi harbiy sudda ko‘rila boshlandi. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning ma’lumotiga ko‘ra, muhokama «mutlaqo maxfiy» tarzda o‘tkazilmoqda.
Voqea 2024 yil 26 oktyabrda ro‘y bergan. O‘shanda Qibrayda Komil Allamjonovning mashinasiga hujum qilingan. Unga shikast yetmagan bo‘lsa-da, hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Birinchi gumonlanuvchi suiqasddan ertasiga ushlangan. Noyabr oyiga kelib, gumonlanuvchilar soni 7 nafarga yetgani, ular orasida Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov borligi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston tomoni mazkur jinoyatga daxldor chechenistonlik deb taxmin qilinayotgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi. Ularga qonunga xilof ravishda qurol muomalasi va jinoyatga aloqadorlik aybi qo‘yilmoqda. Shuningdek, bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olingani tekshiruv bilan bog‘liq bo‘lishi aytilmoqda.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov suiqasdda chechen izi borligini qat’iyan rad etgan. U Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilib, ular «javob berishini» ta’kidladi. Bu tahdid deputatlar tomonidan O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish va terrorizm deb baholangan.
Navoiyda firibgarlikda gumonlangan quruvchi qamoqqa olindi
Navoiyda MChJlardan birining rahbari Mehroj Rahmatov 425 kishiga 167 xonadonli uyni sotish orqali 37,8 mlrd so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda ayblanmoqda.
Unga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, Navoiy shahar sudining qarori bilan qamoqqa olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rahmatov qurilish kompaniyasi rahbari sifatida fuqarolar bilan soxta shartnomalar tuzib, 258 ortiqcha mijozga uy va savdo do‘konlari sotgan. Shunday qilib, 133 nafar jabrlanuvchidan jami 37,8 mlrd so‘mni qo‘lga kiritgan. Advokatlarning ma’lum qilishicha, zararning bir qismi qoplangan, shuningdek, barcha mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan.
2023 yilda «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Rahmatovning hodisasi jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, viloyat prokurori jurnalistlardan bu haqda lavhalarni efirga uzatmaslikni so‘ragani haqida ham xabarlar tarqaldi.
O‘quvchilar uchun avtobus qatnovi
2025 yilgi davlat dasturi doirasida Samarqand va Jizzax viloyatlarida olis hududlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmat autsorsing asosida tashkil etiladi va 100 ta maktabni qamrab oladi.
Shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi-trenerlarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish rejalashtirilmoqda.
Har yili 20 nafar mutaxassis «El-yurt umidi» jamg‘armasi ko‘magida xorijga o‘qishga yuboriladi. Ular xorijiy tajribalarni o‘rganib, O‘zbekistonda maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Samarqandda tezkor xodim pora bilan ushlandi
Samarqand viloyati IIBning katta tezkor xodimi pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U jinoyat ishida ayblanuvchi ikki shaxsga jazodan qochishda yordam berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xodim qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchilardan biriga nisbatan ishni tugatish va boshqasiga uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llashni va’da qilgan.
Tezkor xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 orqali 168-moddasi — juda ko‘p miqdorda firibgarlik; 28 orqali 211-moddasi – pora berish ayblovlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
G‘isht ishlab chiqarishda soliq stavkasi oshiriladi
2026 yildan boshlab, pishgan va xom g‘isht ishlab chiqarishda yer va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10 baravarga oshiriladi.
Bu chora prezident farmonida nazarda tutilgan bo‘lib, maqsad tuproqning unumdor qatlamlarini muhofaza qilish va atrof-muhitni asrashdan iborat.
Shu yilning 1 iyulidan — ko‘p qavatli uylar massivlarida tuproq va yashil hududlarni betonlashtirganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
1 avgustdan esa — pishgan g‘isht o‘rniga penoblok, gazoblok kabi muqobil texnologiyalardan foydalanishga o‘tishni rag‘batlantirish uchun «Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik beriladi.
2026 yil 1 yanvardan g‘isht ishlab chiqarishda soliq stavkasi 10 baravarga oshiriladi.
2027 yil 1 yanvardan — qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va suv fondi yerlarida tuproq karerlari faoliyati taqiqlanadi.
Shuningdek, yangi turar joy loyihalarida avtomobil turargohlari va suv tejovchi tizimlarni tashkil etish majburiy qilinadi.
Tog‘li hududlarda turizm majmualariga investitsiya
O‘zbekistonda tog‘li hududlar, suv omborlari va daryo bo‘ylarida zamonaviy turizm majmualari tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu ishlar uchun 500 million dollar investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Majmualarda «apart-hotel» va «kapsula» uylar kabi joylashtirish vositalari bo‘ladi.
Ekologik nazoratni yaxshilash uchun inspektorlar maxsus vosita va transportlar bilan ta’minlanadi hamda yangi qoidalar joriy etiladi. Bu chora-tadbirlar turizmni rivojlantirish va atrof-muhit muhofazasiga xizmat qilishi ko‘zlangan.
Mavzuga oid
21:32 / 09.01.2025
9 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:07 / 08.01.2025
8 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 07.01.2025
7 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:19 / 06.01.2025