Jahon | 15:24 / 10.01.2025
3368
3 daqiqa o‘qiladi

Engelsda neft bazasidagi yong‘inni ikki kundan beri o‘chirishning iloji bo‘lmayapti

Saratov oblastida «UUA hujumi oqibatlarini bartaraf etish» davom etmoqda, dedi gubernator Ukraina Qurolli kuchlari harbiy aviatsiya neft omboriga zarba berganidan keyingi ikkinchi kuni. Mahalliy aholining xabar berishicha, gubernatorning Telegram sahifasiga yuborilgan shikoyatlar o‘chirilgan.

Saratov oblasti Engels shahrida Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining zarbasidan keyin yona boshlagan Rosrezerv neft bazasidagi yong‘inni ikkinchi kundan beri o‘chirishning iloji bo‘lmayapti. «Favqulodda xizmatlar UUA hujumi oqibatlarini bartaraf etishda davom etmoqda», dedi mintaqa gubernatori Roman Busargin 9 yanvar, payshanba kuni Telegramʼda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Ilya Denisov ishtirokidagi favqulodda vaziyatlar komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng.

Busarginning ta’kidlashicha, «obektda mavjud kuch va vositalar yetarli» va «kerak bo‘lsa, qo‘shimcha texnika yuboriladi». «Mutaxassislarning tushuntirishicha, yonib bo‘lish jarayonini yakunlash uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Vaziyat nazorat ostida», deb yozadi u. Gubernator, shuningdek, turar joy binolariga hech qanday tahdid yo‘qligini aytdi.

Engelsda dronlar hujumidan keyin favqulodda holat e’lon qilindi

Saratov oblastining Engels shahrida 8 yanvar kuni ertalab Rosrezerv neft bazasiga Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan berilgan zarbadan so‘ng yong‘in hududi kechga yaqin kuchaygan, shu munosabat bilan rasmiylar favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda mintaqa gubernatori Roman Busargin ma’lum qildi. Uning Telegramʼdagi xabarida «sanoat korxonasi» zarar ko‘rgani haqida so‘z boradi.

Busarginning so‘zlariga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in xavfsizligi xizmatining ikki xodimi halok bo‘lgan, bir o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Avvalroq u qurbonlar yo‘qligi va «yong‘inni o‘chirish uchun yetarli kuch va vositalar mavjudligini» yozgan edi.

Gubernatorning ta’kidlashicha, dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, biroq u ta’kidlaganidek, «Engelsdagi sanoat obektiga dron parchalari qulagan». Internetda yong‘in aks etgan surat va videolar paydo bo‘ldi.

Keyinchalik yorqin chaqnash aks etgan video e’lon qilindi, shundan so‘ng yong‘in yanada kuchaygan.

Mavzuga oid