Husanov transferi: dunyoning eng zo‘r murabbiyini qutqarish o‘zbek yigiti zimmasiga tushmoqda
Shu kunlarda o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqda bir yigitni muhokama qilmoqda. Abduqodir Husanov. Futbolga qiziqadigan-qiziqmaydigan odamlar tilida shu yigit. Chunki bu futbolchi misolida o‘zbek futbolida tarixiy voqea sodir bo‘lish arafasida. Husanov 40 million yevro evaziga dunyoning eng kuchli klublaridan biri «Manchester Siti»ga o‘tmoqda.
Himoyachining o‘g‘li
O‘zbek futboliga qiziqadiganlar bilishadi, «Metallurg»da Hikmat Hoshimov degan markaziy himoyachi bo‘lardi. 4-raqamli himoyachi uzoq yillar Bekobod jamoasida sardorlik qilgan. Abduqodir mana shu futbolchining o‘g‘li. O‘g‘il bolalar uchun hayotidagi ilk qahramoni shubhasiz otasiz bo‘ladi. Katta bo‘lsam dadamga o‘xshayman, deydi ko‘p bolalar. Abduqodir ham dadasining o‘yinlarini havas bilan tomosha qilgan, men ham zo‘r markaziy himoyachi bo‘laman, deb diliga tugib qo‘ygan va bu orzusiga yetishish uchun mehnat qilgan. Mehnat va ishtiyoq birlashganda esa natija, albatta, zo‘r bo‘ladi. Abduqodir bugun dunyodagi eng zo‘r himoyachilardan biri. Bu gapni endi hech ikkilanmay aytaversak bo‘ladi. U eng zo‘rlardan bo‘lmaganida ko‘pchilik futbol tarixidagi eng kuchli murabbiy deb ataydigan Pep Gvardiola uni har qanaqasiga sotib olishga topshiriq bermasdi.
Ertaknamo yo‘l
Abduqodirning bosib o‘tgan yo‘li shunchaki hayratlanarli. Odatda futbolchilar o‘z mamlakatida biror klubda zo‘r o‘yin ko‘rsatadi, keyin bosqichma-bosqich kuchliroq chempionatlarga o‘tadi. Lekin Husanovning faoliyati qiyinchiliklar bilan boshlanadi. «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan himoyachiga negadir qaldirg‘ochlar bosh jamoasida ishonch bildirishmaydi. Shu o‘rinda Bunyodkorning o‘sha davrdagi murabbiylariga hayron qolmay iloj yo‘q. Ular qanday qilib shunday kuchli futbolchini tekinga Belarus klubiga berib yuborganini tushunish qiyin. Axir Abduqodir yoshlar jamoasida vaqtidayoq top himoyachi ekani ma’lum edi.
Lekin Husanovimiz ertaroq Belarusga ketgani ham bir tomondan yaxshi bo‘lgan. To‘g‘ri, Belarus chempionati O‘zbekistondan kuchli emas, lekin futbolchining agentlari u O‘zbekiston klubida asosiy tarkibda o‘ynashini kutishsa kech bo‘lishini tushunib yetgan. Buning ustiga Abduqodir Belarusda ko‘p qolib ketmadi. «Energetik BGU» degan klubda bir yil o‘ynagan Husanovni agentlari Fransiyaning «Lans» klubiga taklif qiladi. Fransuzlar esa «Bunyodkor» murabbiylaridan farqli o‘laroq Husanov katta futbolchi ekanini tezda sezib, uning uchun 100 ming yevroning bahridan o‘tishadi.
Avvaliga Husanov «Lans»da zaxiradan maydonga tushib yurdi, lekin ikkinchi mavsumida u jamoaning asosiy himoyachisiga aylandi. Serxio Ramos usulidagi o‘yinlari sabab Yevropa grandlari unga oshiq bo‘la boshlashdi. Ishoning, hozir Yevropa futbolida bunaqa stilda o‘ynaydigan futbolchilar kamayib ketgan. Uni falon futbolchiga o‘xshaydi deb ham aytolmaysiz, chunki bunday futbolchining o‘zi yo‘q. Husanov o‘yinida Serxio Ramosning agressivligini, Ngolo Kantening toza podkatlarini, Virjil van Deykning havodagi kurashlarini ko‘rishingiz mumkin. Tabiiyki, top klublar bunday megaiste’dodni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Husanov uchun «Siti» bilan kimsan «Real» kurashgandi axir, tasavvur qilyapsizmi?
Pep nega uni tanladi?
Bilasiz, «Manchester Siti» hozir qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Gvardiola Sitini Angliya futbolining chinakam gigantiga aylantirdi, hatto Chempionlar Ligasini yutdi. APLda sovrinlar soni bo‘yicha faqat ser Aleks Fergyusondan ortda qolmoqda. Oxirgi yillarda ingliz klublari Premiyer Ligada ikkinchi o‘rin uchun kurashadigan bo‘lib qolgandi. Ammo bu mavsumda Pepning jamoasida muammolar kuzatilyapti, barchasi Oltin to‘p sohibi Rodri jarohat olib, safdan chiqqanidan keyin boshlandi. Albatta, bu yagona sabab emas, De Bryuyne va Uoker kabi futbolchilar qariyapti, Grilish va Foden o‘yinida pasayish kuzatildi, bir yil oldin 117 million funtga sotib olingan Grilish 2024 yilda birorta gol ham urmadi. Rodri safdan chiqqani esa barchasidan oshib tushdi.
Shu uchun Gvardiola yangi futbolchilar olish zarur ekanini aytdi. Abduqodir Husanov markaziy himoyada jiddiy raqobatga duch keladi. U yerda Yoshko Gvardiola, Ruben Diash, Natan Ake kabi jiddiy futbolchilar bor. Lekin Husanov bunaqa katta summaga sotib olinganiga qaraganda zaxirada o‘tirmasligi aniq. Ba’zi ekspertlar Gvardiola uni Rodrining o‘rnida sinab ko‘rishi mumkin degan fikrni ham ilgari surmoqda. Bo‘lishi mumkin, Gvardiola eksperimentlarni yaxshi ko‘radi. Axir Pep bo‘yi 170 sm bo‘lgan Xaviyer Maskeranoni markaziy himoyada o‘ynatgan murabbiy.
Lekin Husanov asosan markaziy hujumchilarni to‘xtatishi bilan foydali ekani inobatga olinsa, uni boshqa pozitsiyaga qo‘yishmasa kerak. APLdagi markaziy himoyachilar jismoniy jihatdan juda kuchli, ularni to‘xtatish uchun bizning Husanovga o‘xshagan jismoniy baquvvat, havoda zo‘r kurashadigan, to‘p hujumchiga tushishi bilan unga yopishadigan himoyachi kerak. Mashg‘ulotlarda bu ishni Holand bilan bajarib ko‘rish imkoni bor.
Bilasiz, Gvardiola jamoasida hamma to‘p uzatish borasida mahoratli bo‘lishi kerak, hatto darvozabon ham. Abduqodirning uzoq masofalarga uzatmasi aniq ekani esa uning «Siti»ga moslashishini tezlashtiradi.
Xullas, o‘zbek futbolida mana shunday katta voqelik sodir bo‘lmoqda. Abduqodirning rekordlari haqida transfer rasman e’lon qilingach yana alohida gaplashamiz. Hozir esa barcha futbol muxlislarini tabriklayman. Axir bir eslang, bizning ham biror futbolchimiz Angliyaning o‘rtamiyona jamoasida bo‘lsa ham o‘ynasa, unga muxlislik qilsak, deb yurardik. Hozir esa bizning futbolchimiz Britaniyaning eng zo‘r jamoasi safiga o‘tmoqda. «Yunayted»ning o‘zbekistonlik muxlislaridan esa uzr so‘raymiz. Bugundan Manchesterning rangi biz uchun ko‘k, qizil emas.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
04:21 / 11.01.2025
Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ga o‘tmoqda - insayder
13:31 / 10.01.2025
Gvardiola Husanov transferiga rozilik berdi
03:02 / 10.01.2025
Sky Sport: «Siti» Husanov uchun 50 mln yevro sarflashga tayyor. Transfer yaqin
12:10 / 05.01.2025