Jahon | 17:38
4203
2 daqiqa o‘qiladi

Jeju Air samolyoti «qora quti»lari halokatdan 4 daqiqa oldin yozishni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi

Janubiy Koreyada halokatga uchragan samolyot parvozining so‘nggi daqiqalaridagi ma’lumotlar yo‘qligi tergovni qiyinlashtiradi.

Foto: SeongJoon Cho / Bloomberg

Janubiy Koreyaning Muan aeroportida halokatga uchragan Jeju Air samolyotining ikkala registratori (qora qutilari) ham parvozning so‘nggi daqiqalarida ishlamagan. Koreya transport vazirligining ma’lum qilishicha, qora qutilar halokatga to‘rt daqiqa qolganda yozib olishni to‘xtatgan, deb xabar berdi Yonhap.

Qayd qilinishicha, samolyot soat 9:03 da halokatga uchragan bo‘lsa, ikkala registrator soat 8:59 da ma’lumotlarni yozib olishni to‘xtatgan. Parvozning so‘nggi daqiqalaridagi ma’lumotlar yo‘qligi halokat tergovini qiyinlashtiradi. Biroq, agentlik ta’kidlaganidek, «qora qutilar» tergovchilar uchun yagona manba emas.

«Tergov turli axborot manbalarini, jumladan, havo harakatini boshqarish yozuvlari, halokatga oid video tasvirlar va voqea joyidagi qoldiqlarni tahlil qilishni o‘z ichiga oladi», deb tergov guruhi so‘zlaridan iqtibos keltirdi Yonhap.

Boeing 737-800 samolyotining «qora quti»lari hozir Vashingtonda tahlil qilinmoqda.

Bangkokdan uchgan Jeju Air samolyoti 2024 yil 29 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Muan aeroportiga qo‘nayotgan vaqtda halokatga uchradi. Samolyot beton konstruksiyaga urildi va yonib ketdi. Hodisa oqibatida bortdagi 181 kishidan 179 nafari halok bo‘ldi. Faqat ikki ekipaj a’zosi tirik qolgan. Fojia qurbonlar soni bo‘yicha Janubiy Koreya tarixidagi eng halokatli hodisa bo‘ldi.

Mavzuga oid