Mash’um avtohalokat – AQSh prezidenti Bayden hayotida sodir bo‘lgan ayanchli hodisa tarixi
1972 yil dekabr oyida AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden hayotida ayanchli voqea sodir bo‘ladi. Avtohalokat tufayli xotini va qizidan ayriladi. Ikki o‘g‘li esa uzoq vaqt davolanadi. O‘shanda u endigina senator bo‘lib saylangandi.
2024 yil 5 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Demokratlar vakili Jo Bayden qatnashmadi.
Chunki u avvalroq o‘z o‘rnini partiyadoshi Kamala Harrisga bo‘shatib bergandi. Harris esa saylovda Respublikachilar vakili Donald Trampga yutqazib qo‘ydi.
Baydenning bu saylovda o‘z nomzodini olishi uning uchun fojia emas. Chunki hozir 82 yoshda bo‘lgan qariya ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘lida to‘g‘ri yura olmayapti.
U shu paytgacha bir necha marta samolyotga chiqishda yoki tushishda tanasini boshqara olmay yiqildi. Nutqlarida adashdi. Qisqasi, Bayden ancha keksayib qoldi.
2024 yil noyabr oyi oxirroqlarida AQSh prezidenti Jo Bayden bir nechta jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan o‘g‘li Hanter Baydenni afv etdi.
Agar prezident o‘g‘lini afv etmaganda u 25 yilga qamalishi mumkin edi. Uning bu ishi amerikaliklarning noroziliga sabab bo‘ldi. Biroq qaror chiqarib bo‘lingandi.
Baydenning hayotida yutuqlar va mag‘lubiyatlar ko‘p marta bo‘lgan. Biroq 1972 yilda sodir bo‘lgan hodisa uning hayotini bir umrga o‘zgartirib yuboradi.
O‘shanda Baydenning xotini va qizi yo‘l-transport hodisasi tufayli halok bo‘ladi. Aynan u afv etgan Hanter va 2015 yilda vafot etgan yana bir o‘g‘li o‘sha hodisada tan jarohatlari olib, tirik qolgandi.
Jo Bayden 1942 yil 20 noyabr kuni Pensilvaniya shtatidagi Skrantone shahrida tug‘ilgan. Baydenning ota ajdodlari angliyalik, onasi tomon irlandiyaliklar bo‘lgan.
1966 yilda Bayden Neyliya Hanterga uylanadi. Shundan so‘ng xotini uning familiyasiga o‘tadi. Neyliya Hanter Jo Bayden bilan tengdosh bo‘lgan.
Baydenlar oilasi uch nafar farzand ko‘radi. To‘ng‘ichi Jozef (Bo) Bayden, o‘rtanchasi Hanter Bayden va Naomi Bayden. Ayol kenja o‘g‘liga otasining ismini qo‘ygandi.
1970 yilda Jo Bayden siyosiy faoliyatini boshlaydi. Undan avval va keyin ham oliy ta’limni huquqshunoslik bo‘yicha olgan Neyliya Baydenning asosiy yordamchisi bo‘lgan.
1972 yilda sodir bo‘lgan ayanchli voqea Baydenga og‘ir zarba bo‘lib tushadi. O‘shanda u xotini va qizidan ayriladi. O‘g‘illari omon qolib, ancha payt davolanadi.
Avariya qanday sodir bo‘lgandi?
Hodisa Bayden ilk bor senator bo‘lib saylangan kundan 40 kun o‘tib ro‘y bergandi. 1972 yil 7 noyabr kuni Jo Bayden Delaver shtatidan senator bo‘lib saylanadi.
O‘shanda uning raqibi Delaverdan ketma-ket uch marta senator bo‘lib saylangan Jyeyms Bogs bo‘lgan. Bayden raqibidan juda kichik farq bilan o‘zib ketadi. Saylovchilarning 49,1 foizi Bogsga, 50,48 foizi Baydenga ovoz beradi.
Shu tariqa, Bayden 1934 yilda senator bo‘lgan Rash Xoltning rekordini yangilab, AQSh tarixidagi eng yosh senator bo‘ladi.
Bayden siyosiy faoliyat bilan, xotini ishdan ortib bolalar tarbiyasi bilan ham band bo‘ladi. 1972 yil 18 dekabr kuni Neyliya Bayden uch bolasini mashinasiga mindirib xaridga jo‘naydi.
Ayol Velli-Roud yo‘lidan shtat g‘arbidagi Xokessin shahriga qarab ketar ekan, Delaware Route 7 yo‘li bilan kesishgan chorrahada tirkama bilan ketayotgan yuk mashinasiga to‘qnashib ketadi.
Oqibatda Neyliya Bayden va qizi Naomi halok bo‘ladi. Hanter Bayden va Jozef Bayden tirik qoladi. Biroq bolalar qattiq jarohat olgandi.
O‘sha kuni chorrahada politsiya xodimi xizmat qilayotgan edi. U Neyliyaning chorrahaga kirib kelayotib yo‘lning ikki tomoniga qaragan deb o‘ylaydi.
Biroq faqat bir tomonga qaragan ayol ikkinchi tomondan kelayotgan yuk mashinasini ko‘rmay qoladi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirgan politsiya xodimlari hodisada yuk mashinasi haydovchisining aybli yo‘qligini, shunchaki Neyliya e’tiborsizlik qilganini aniqlashadi.
Hodisa sodir bo‘lgan zahoti yuk mashinasi haydovchisi pastga otilib tushib, Neyliya va uning bolalariga yordamga oshiqadi.
Jabrlanuvchilar shifoxonaga olib boriladi. Biroq ayol va uning qizi halok bo‘lgan, ikki bola og‘ir jarohatlangandi.
Hodisadan so‘ng Bayden senatorlikdan voz kechib, siyosiy faoliyatini tugatishga qaror qiladi. Biroq hamkasblar va partiyadoshlari uni qo‘llab-quvvatlab, senatorlikdan voz kechmaslikka ko‘ndiradi.
Hanter va Jozef shifoxonada ancha payt davolanadi. Bayden ularning yonida bo‘lishga harakat qiladi. Jumladan, u senatorlikka kirishishdan avval qasamyodni ham shifoxonada, o‘g‘illari oldida qabul qiladi.
2015 yilda Yyel universitetida so‘zlagan nutqida Jo Bayden o‘sha kunlarni shunday eslagandi:
“Senator bo‘lib saylanganimdan olti hafta o‘tgach, mening hayotim butunlay o‘zgarib ketdi. Vashingtonda o‘z vazifamga kirishayotganimda telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Xotinim hamda bolalarim xaridga ketishayotganida traktor tirkamasi ularning ustiga qulab tushgani, oqibatda xotinim va qizim halok bo‘lganini aytishdi. O‘shanda o‘g‘illarimning ham omon qolishiga shifokorlarning ishonchlari komil emas edi”.
Keyinchalik Delaver shtatidagi Uilmington shahridagi istirohat bog‘iga Neyliya Bayden nomi berilgan.
Bundan tashqari, ayolning otasi uzoq yillar boshqargan Nyu York shtatidagi Obern shahrida joylashgan kollej Neyliya Bayden nomiga ikkita mukofot ta’sis etgan.
Mukofotlardan biri jurnalistika, ikkinchisi ingliz adabiyoti bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan talabalarga beriladi.
Jozef va Hanter Baydenlarning keyingi hayoti
Jo Baydenning to‘ng‘ich o‘g‘li Jozef Bayden 1969 yilda tug‘ilgan va avtohalokat paytida 3 yoshda bo‘lgan. U maktabni bitirganidan so‘ng Pensilvaniya va Sirakuz universitetlarida huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim oladi.
U 1995 yildan 2004 yilgacha AQSh Adliya vazirligida huquqshunos bo‘lib ishlaydi. Keyinroq prokuraturaga ishga o‘tadi.
Jozef 2007 yil yanvardan 2015 yil yilgacha Delaver shtati prokurori vazifasida ishlaydi. U 2008-2009 yillarda Iroqda harbiy xizmatni o‘taydi. Jozef 2015 yilda vafot etadi.
Qariya Bayden prezident bo‘lganidan so‘ng bir necha marta yanglishib, o‘g‘li Jozef Bayden Iroqda harbiy xizmatni o‘tayotganida halok bo‘lgani haqida gapirgan va kulgiga qolgan.
Chunki Jozef Bayden Iroqda avvalroq xizmat qilgan va 2015 yilda miyasida paydo bo‘lgan shish (saraton xastaligi) tufayli vafot etadi.
Hanter Bayden Jorjtaun va Yyel universitetlarida huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim oladi. So‘ng bank sohasida ishlay boshlaydi. Keyinchalik u turli sohalarda faoliyat olib boradi.
Hanterning ayblanishi va afv
2014 yilda Hanter Ukrainada gaz qazib olish bilan shug‘ullanadigan Kiprning Burisma boshqaruv kengashi a’zosi bo‘ladi. Keyinchalik aynan shu ishi ortidan jiddiy mojaro kelib chiqadi.
2019 yilda Hanter Burisma boshqaruv kengashi a’zoligidan ketadi. Ungacha, 2018 yilda Hanterga nisbatan tergov harakatlari boshlangandi.
2019 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, saylovdagi raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga bog‘liq ishni surishtirib ko‘rishini aytgan.
Bu ishni Amerikada boshqa davlat rahbariga bosim o‘tkazish deb baholashdi va Trampga impichment e’lon qilish masalasi kun tartibiga chiqadi.
2019 yil noyabrda o‘tkazilgan saylovda Tramp Baydenga yutqazdi va o‘yindan chiqdi. Biroq Hanter Bayden bilan bog‘liq mojaro battar avj oldi.
Garchi Jo Bayden mamlakat prezidenti bo‘lsa ham, uning o‘g‘liga nisbatan surishtiruvlar davom ettirildi. Keyinroq Hanter yirik miqdorda pora olishda, soliqlardan qochishda va noqonuniy qurol saqlashda ayblanadi.
2024 yil 2 dekabr kuni Jo Bayden o‘g‘li Hanter Baydenni afv etgani haqida xabarlar tarqaldi. Avvalroq, u o‘g‘lini afv etish niyatida emasligini va vaziyatga aralashmasligini ma’lum qilgandi.
Baydenning prezidentlik vakolatidan foydalanib o‘g‘lini afv etgani Amerikada norozilik bilan qarshilandi. Shunda Jo Bayden “amerikaliklar ota va prezident nima uchun bunday qarorga kelganini tushunishadi” degan umidda ekanini aytib chiqdi.
2024 yil sentabr oyida Hanter Bayden 9 ta ayblov bo‘yicha o‘z ayblarini tan olgandi. Unga 25 yilgacha qamoq jazosi va 750 ming dollargacha jarima jazosi xavf solayotgandi. Endi prezident afv qilgani uchun undan barcha ayblovlar olib tashlanadi.
Jo Bayden xotini vafotidan 5 yil o‘tgach, 1977 yilda Jill Baydenga uylangan. 1981 yilda Eshli ismli qiz farzand ko‘rishgan.
Jo va Jill 47 yildan buyon birga yashab kelishmoqda. Jill ayni damda prezidentning rafiqasi sifatida AQShning birinchi xonimi hisoblanadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
10:56
Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?
10:11
Bayden 15 yanvarda millatga xayrlashuv nutqi bilan chiqish qiladi
23:05 / 10.01.2025
Karter bilan vidolashuv: barcha prezidentlar Kapitoliyga yig‘ildi
21:42 / 10.01.2025