Yil boshidan beri Rossiya aviakompaniyasining to‘rtinchi samolyoti parvoz paytida buzilib qoldi
UTair aviakompaniyasining Dubayga uchayotgan reysi «Vnukovo» aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bir necha kun oldin UTair’ning Peterburgdan Samarqandga uchayotgan samolyoti ham favqulodda Moskvaga qo‘ndirilgan edi.
UTair aviakompaniyasining Moskva—Dubay reysini amalga oshirayotgan samolyoti «Vnukovo» aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu 2025 yil boshidan beri Rossiya aviakompaniyalariga tegishli havo kemalarining buzilishi bilan bog‘liq to‘rtinchi holatdir.
Ma’lum qilinishicha, samolyotning favqulodda qo‘nishni amalga oshirishiga «gidravlik suyuqlik darajasining o‘zgarishi» sabab bo‘lgan. Flightradar24 servisi ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi Boku osmonidan o‘tayotganida yana ortga, Moskvaga qaytgan. Samolyot bortida 240 yo‘lovchi bo‘lgan, ularning hech biriga jarohat yetmagan.
7 yanvar kuni UTair’ning Sankt-Peterburgdan Samarqandga uchayotgan Boeing 737 samolyoti ham nosozlik tufayli «Vnukovo» aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgandi. 4 yanvarda esa Rossiyaning ikkita samolyoti reys vaqtida texnik muammoga duch kelgan: «Uralskiye avialinii»ning Airbus A321neo samolyoti hamda, NordStar’ning Boeing 737 havo kemasi.
Ukrainaga qarshi urush boshlangunga qadar Rossiya aviaparkida 1031 ta samolyot bor edi — ularning uchdan ikki qismini Boeing va Airbus kompaniyalarining havo kemalari tashkil etgan. Ammo AQSh va YeI ushbu samolyotlarga xizmat ko‘rsatishni, shuningdek, yangi laynerlar yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan. 2023 yilda Rossiya hukumati yashirin ravishda aviakompaniyalarga samolyotlar «kannibalizatsiyasi» — bir samolyotdagi soz ehtiyot qismlarni boshqasiga ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat bergan.
Dekabr boshlarida Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi — «Aeroflot» kompaniyasi «Volga-Dnepr» guruhidan beshta Boeing 737-800BCF yuk tashuvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli butlovchi qismlar kirib kelmayotgani bois ushbu samolyotlarning ehtiyot qismlaridan foydalanishni reja qilgan.
Mavzuga oid
13:15 / 11.01.2025
Jurnalistlar halok bo‘lgan 88 ming rossiyalik harbiylarning ismini aniqladi
11:39 / 11.01.2025
Ukraina Rossiyadagi o‘q-dorilar va dronlar omboriga zarba berdi
10:53 / 11.01.2025
Rossiyada davlat xaridlari bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik yig‘ish cheklandi
08:10 / 11.01.2025