Jahon | 12:36
1369
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminlar prezidentlik saylovlari natijalari bekor qilinganiga qarshi norozilik bildiryapti

Ruminiyada namoyishchilar prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalari bekor qilinganidan norozilik bildirib, amaldagi davlat rahbari Klaus Yoxannisni iste’foga chiqishga chaqirmoqda.

Foto: ROBERT GHEMENT/EPA/TASS

Ruminiyada 12 yanvar, yakshanba kuni o‘n minglab odamlar 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalari bekor qilinganiga norozilik bildirish uchun yana ko‘chalarga chiqdi. Reuters xabariga ko‘ra, Buxarestda namoyishchilar mamlakatning amaldagi prezidenti Klaus Yoxannisning iste’fosini talab qilgan.

Yoxannisning vakolati rasman 21 dekabrda tugadi, biroq u o‘z vorisi nomi aniqlanmaguncha o‘z lavozimida qoladi.

Ruminiyada may oyida takroriy prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi

Ruminiya prezidentining takroriy saylovi may oyida bo‘lib o‘tadi — birinchi tur 4 mayda, ikkinchisi 18 mayda bo‘lib o‘tadi. Noyabr oyidagi ovoz berish natijalari bekor qilinganidan keyin yangi saylovlar sanasi 8 yanvar kuni mamlakat hukmron koalitsiyasi tomonidan kelishib olingan edi. Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis o‘z vorisi aniqlanmaguncha o‘z vazifasini bajarishda davom etadi.

Koalitsion hukumatdagi uch partiya ham yagona nomzod Krin Antoneskuni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki rejalarini tasdiqladi, deya ma’lum qildi Milliy liberal partiya. Shu yo‘l bilan Ruminiyadagi Sotsial-demokratik partiya, Milliy liberal partiya va Vengriya demokratik ittifoqi koalitsiyasi o‘ta o‘ng nomzodning g‘alabasi oldini olishga harakat qilmoqda.

Kelin Jorjyesku o‘ta o‘ng kuchlar nomzodi bo‘lib qoladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Uning saylovda ishtirok etishi Konstitutsiyaviy sudning qaroriga bog‘liq bo‘lib, u saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashda ayblanib chetlatilishi mumkin, deya qayd etadi Politico.

Mavzuga oid