Surxondaryoda Afg‘onistonga eksport qilingan unni sotib, pulini onlayn qimorga tikib yuborgan haydovchi 3 yilga qamaldi
Haydovchi 500 qop unni “Ayritom” chegara bojxona postiga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Ammo u unni Sherobod tumani hududida aholiga sotib yuborgan. To‘plangan 65 mln so‘m pulni esa onlayn qimorga tikib, yutqazgan. U zararni qoplash uchun oilasi bilan yashayotgan uyni sotuvga qo‘ygan.
Surxondaryoda Afg‘onistonga eksport qilingan unni boshqa shaxslarga sotib yuborgan haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan D.T. haydovchilik bilan shug‘ullangan. U fuqaro O‘.M.ga tegishli bo‘lgan yuk mashinasini ijaraga olib, boshqarib kelgan.
2024 yilning 23 avgust kuni Yangiyer shahar kichik sanoat zonasida joylashgan un mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MChJ ish yurituvchisi D.T. bilan umumiy narxi 93 mln 750 ming so‘mlik 25 tonna unni Surxondaryo viloyatidagi chegara bojxona postiga yetkazib berishga kelishgan. Ushbu un MChJ tomonidan Afg‘onistonga eksport qilinayotgan bo‘lgan.
Ish yurituvchining ishonchiga kirgan haydovchi 25 tonna unni yuklab, yo‘lga tushgan. Biroq u 500 qop manzilga olib bormasdan, Sherobod tumani hududida bir qopini 100 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda odamlarga sotib yuborgan. Yig‘ilgan 65 mln so‘m pulni esa onlayn qimorga tikib, yutqazib qo‘ygan.
D.T. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“2010 yildan buyon haydovchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Turli yuk mashinalari va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan transport vositalarini boshqaraman. 2024 yil may oyidan avgust oyi oxirigacha O‘.M.ga tegishli yuk mashinasini har oyda 20 mln so‘m ijara haqi berish sharti bilan yuk xati asosida boshqarib keldim.
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi un ishlab chiqarish korxonasidan bir necha bor yuk olib, Afg‘oniston chegarasiga yetkazib berganman. 2024 yil 23 avgust kuni ham korxonadan 25 tonna un yuklab, “Ayritom” chegara bojxona postiga yetkazib berish uchun olib ketdim.
Lekin ushbu 500 qop unni manzilga olib bormasdan Sherobod tumani hududida bir qopini 100 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda o‘zimga notanish bo‘lgan turli shaxslarga sotib yubordim. So‘ngra yig‘ilgan 65 mln so‘m pulni onlayn qimorga tikdim. Yutilgan puldan unni qaytarib joyiga qo‘ymoqchi edim. Biroq o‘yinda yutqazib qo‘ydim. Korxona xodimlari nega unni manzilga yetkazib bermaganligimni so‘rashganida uni sotib, betob onamni davolatishga ishlatganimni aytdim. Hozirda oilam bilan yashayotgan, onamga tegishli bo‘lgan uyni sotuvga qo‘ydim. Sotilishi bilan zararni qoplab beraman”, degan haydovchi suddagi ko‘rsatmasida.
Sud hukmi bilan D.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, D.T.dan korxona hisobiga 93 mln 750 ming so‘m yetkazilgan zarar undirilishi belgilangan.
Mavzuga oid
22:02 / 10.01.2025
Markaziy Bank telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berilishi oqibatida kartadan pul yechilmasligini ma’lum qildi
15:21 / 10.01.2025
Tanqiddan so‘ng: Navoiyda 167 xonadonli “novostroyka”ni 425 kishiga sotgan quruvchi qamoqqa olindi
17:13 / 08.01.2025
“Umid avto” rahbari qamoqqa olindi. U juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda gumonlanmoqda
12:11 / 08.01.2025