Jahon | 10:33
7218
8 daqiqa o‘qiladi

Urushni yakunlash uchun nimalar qilish kerak - Trampning bo‘lajak maslahatchisi shartlarni aytdi

U Kiyevning Rossiya armiyasini Ukrainaning barcha hududlaridan haydab chiqarish rejasi real emasligini va Tramp buni tan olishini aytgan. Shuningdek, «yaqin vaqtlar ichida» Tramp va Putin o‘rtasida telefon muloqoti o‘tkazilishi, allaqachon ularning o‘zaro uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha qandaydir kelishuvga erishish uchun front chizig‘idagi vaziyatni barqarorlashtirish talab etiladi. Bu haqda amerikalik kongressmen, Donald Tramp o‘z ma’muriyatida xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlashni mo‘ljallayotgan Mayk Uolts aytib o‘tdi.

AQShning hozirgi ma’muriyati ham, keyingisi ham Ukraina safarbarlik yoshi uchun chegarani pasaytirishi lozim deb hisoblaydi

ABC News telekompaniyasi jurnalistigaga bergan intervyusida Uolts bunday barqarorlikka erishish shartlaridan biri Ukraina qurolli kuchlariga «yuz minglab yangi askarlar»ni jalb etish uchun Ukrainadagi chaqiruv yosh chegarasini pasaytirish bo‘lishi kerakligini aytgan.

«Biz ukrainlardan so‘raydigan narsalardan biri shu… Ularda jonli kuch bo‘yicha muammolar bor. Ular 18 yoshlilarni emas, 26 yoshlilarni chaqirishmoqda. Men buni ko‘pchilik to‘g‘ri tushunadi deb o‘ylamayman, — degan Uolts. — Frontdagi qiyinchiliklar va muammolar haqida eshitganimizda, shuni ta’kidlash joizki, agar ukrainlar demokratiyani saqlab qolish uchun dunyodagilardan barcha ishni qilishni so‘rayotgan bo‘lishsa, unda ular ham demokratiyani saqlab qolish uchun barcha ishni qilishlari kerak».

«Ular, albatta, mardonavor kurashishdi, albatta, olijanoblik va matonat bilan jang qilishdi, ammo kadrlar bilan bog‘liq bu muammolarni hal qilish kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Uolts.

G‘arb nashrlaridagi ko‘plab materiallarda Rossiya qo‘shinlarining frontdagi oxirgi muvaffaqiyatlarining asosiy sabablaridan biri ular jonli kuchda sezilarli ustunlikka egaligi bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan.

Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakillari allaqachon Ukraina hukumatini chaqiruv yoshini hozirgi 25 yoshdan pasaytirishga chaqirgan.

Ammo Volodimir Zelenskiy bunga javoban bir necha marta asosiy muammo — frontdagi odamlar yetishmovchiligi emas, Ukraina qurolli kuchlarida g‘arb qurollari yetarli emasligida ekanini aytgan.

«Agar qarshingizdagi odam qurolsiz tursa, uning yoshi 20 yoki 30 da ekanining nima farqi bor? Hech qanday farqi yo‘q», — degandi u dekabr oyi o‘rtalarida harbiy xizmatga chaqiruv yoshini pasaytirish haqidagi savolga javoban.

Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining xorijda tayyorlanishi lozim bo‘lgan 14 brigadasining faqat ikkitasi zarur tayyorgarlikka ega bo‘lgani va bu aynan qurollar yetishmovchiligi bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.

Urushni yakunlash uchun nima qilish kerak?

ABC News telekanali boshlovchisi Uoltsdan u aynan qachon tinchlik bo‘yicha kelishuvga erishilishini kutayotganini so‘ragan.

Mayk Uolts Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘ladi — bu AQSh ma’muriyatida tashqi siyosat sohasidagi eng muhim lavozimlardan biri

Tramp avvalroq mojaroning qaynoq fazasi u lavozimga kirishguniga qadar yakunlanishini va’da qilgan, shuningdek, urushni bir kun ichida to‘xtata olishini aytgandi. Keyinroq esa kelishuvga erishish uchun yarim yil muddat ketishi haqida so‘zlar yangradi, bu hafta Trampning Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ham bu maqsadga 100 kun ichida erishishni istashini bildirdi.

Uolts jurnalistning sulh muddati haqidagi savoliga javob bermadi, lekin bu «istalgan daqiqada, istalgan kunda» ro‘y berishi mumkinligini, chunki o‘t ochishni to‘xtatish va frontni barqarorlashtirish uzoq muddatli tinchlik bitimini tuzish sharti ekanini aytdi.

«Gap faqat qurollar, o‘q-dorilar yoki yangi yordam uchun cheklar yuborishda emas, — degan Uolts. — Gap shundaki, qandaydir kelishuv tuzish uchun front chizig‘ini barqarorlashtirish kerak bo‘ladi».

Ukraina frontini barqarorlashtirish uchun esa aynan chaqiruv yoshini pasaytirish kerak, degan Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha bo‘lajak maslahatchisi.

So‘nggi oylarda rossiyalik harbiylar Donetsk oblastidagi frontning bir necha uchastkalarida faollik bilan hujum qilmoqda. G‘arb ekspertlari va ukrain harbiylari ruslar katta yo‘qotishlarga uchrayotganini aytayotganiga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari front chizig‘ini barqarorlashtira olmayapti. Shu bilan birga, hozircha ukrain mudofaasi qulashi belgilari yo‘q va RF armiyasining oldinga siljishi sekin kechmoqda.

Noyabr oyi oxirida harbiy sharhlovchi Ilya Abishev Rossiya qo‘shinining 2024 yil kuzida jadallashganini aytgandi. Ammo, g‘arb nashrlari va Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotiga ko‘ra, RF armiyasi tezligi hozirgi tempda saqlanib qolsa, Donetsk oblastini butunlay egallash bo‘yicha Kreml tomonidan qo‘yilgan vazifani bajarishi uchun taxminan bir yil ketadi.

Uolts yana nimalar dedi: Putin bilan muzokaralar va ukrain hududlarini qaytarish

ABC News jurnalistining Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuvi vaqti haqidagi savolga javoban Uolts allaqachon bunga tayyorgarlik ketayotganini aytgan.

Zelenskiy AQShdagi prezidentlik saylovlaridan ko‘p o‘tmay Parijda Tramp bilan uchrashgandi

Uolts uchrashuv muddati va formati bo‘yicha aniqlik kiritmagan, ammo Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon muloqoti «yaqin kunlar yoki haftalar ichida» bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytgan.

«Tayyorgarlik ko‘rilmoqda. (...) Prezident Tramp nuqtayi nazaridan qaralsa, boshqa tomon bilan qandaydir aloqa va muloqotni saqlamasdan turib, kelishuvga erishib bo‘lmaydi. Va biz buni albatta kelgusi oylarda qilamiz», — dedi Uolts.

Juma kuni Le Temps gazetasi Shveytsariya agar tegishli so‘rov kelib tushsa, Tramp va Putinning ehtimoliy uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyorligi haqida xabar bergandi. «Byurgenshtokdagi sammitdan keyin Ukraina, Rossiya va AQSh muntazam ravishda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha har qanday diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimiz haqida ma’lumot olib turibdi», — degan nashrga mamlakat TIV rasmiy vakili Nikolya Bido.

20 yanvar kuni AQSh prezidenti lavozimiga rasman kirishadigan Donald Tramp esa oldinroq «bu urushga yakun yasash» uchun Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirgandi. O‘z navbatida, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov juma kuni jurnalistlar bilan muloqotda prezidentlar uchrashuvi bo‘yicha hozircha aniq rejalar yo‘qligi, lekin Moskva Trampning muloqot o‘tkazish istagini mamnuniyat bilan qabul qilishini aytgandi.

Trampdan farqli ravishda, AQShning hozirgi ma’muriyati Rossiya bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortib keladi va buni bu kabi har qanday aloqalar Ukraina ishtirokida bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi. Uolts Trampning Putin bilan uchrashuvi Zelenskiyning roziligi bilan bo‘lishiga aniqlik kiritmagan.

Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi yana bir bor urushni diplomatik yo‘llar bilan to‘xtatishga chaqirib, Kiyevning barcha hududlari ustidan nazoratni tiklash rejalari real emasligini ta’kidladi.

«Barcha buni qandaydir diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishi lozimligini biladi. Rossiya harbiylarini Ukraina tuprog‘ining har bir qarichidan, hatto Qrimdan ham haydab chiqaramiz, deyish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi deb o‘ylayman. Prezident Tramp bu reallikni tan oladi va menimcha bu reallikni butun dunyo tan olishi oldinga tashlangan katta qadam bo‘ladi», — degan Uolts.

Mavzuga oid